Ma’lumki, joriy yilning 3-4 fevral kunlari poytaxtimizda tennis bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH terma jamoalari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur nufuzli uchrashuv oldidan har ikkala terma jamoa o‘z tarkiblarini e’lon qildi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

Ushbu bahs terma jamoalar o‘rtasida norasmiy Jahon chempionati hisoblangan Devis Kubogining jahon ligasiga saralash bosqichi doirasida tashkil etiladi. G‘olib jamoalar sentyabr oyida o‘tadigan Devis Kubogining final bosqichiga yo‘l oladi.

Uchrashuvning ilk kunida ikkita yakkalik bahsi, ikkinchi kuni esa bitta juftlik va ikkita yakkalik bahsi o‘tkaziladi. Mazkur so‘nggi saralash bosqichida 24 ta terma jamoa 12 ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi.

Ikkala terma jamoa murabbiylari tomonidan tarkiblar e’lon qilindi. Mamlakatimizning ikkinchi raketkasi Denis Istomin sardor sifatida tennischilarimizni kortga boshlab tushadi. Tarkibdan shuningdek, Sergey Fomin, Humoyun Sultonov va Sanjar Fayziyev joy olgan.

AQSH terma jamoasi safida Toshkentga Tommi Paul, Jenson Bruksbi, Makdonald Makkenzi, Rajiv Ram va Ostin Kraychik kelishi kutilmoqda.

Taqqoslash uchun, AQSH vakillaridan ATP reytingida Tommi Pol 32, Bruksbi 48, Makdonald 63-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, hamyurtlarimizdan Fomin 362, Istomin 468, Sultonov 489, Fayziyev 1178-pog‘onani egallab turibdi. Juftlik bahslarida ishtirok etadigan AQSH terma jamoasi a’zolaridan Rajiv Ram juftliklar reytingida 3, Kraychik esa 10-o‘rinda qayd etilgan.


O‘zA