Vazirlar Mahkamasi “Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrida Qishki sport turlari bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi ish boshlaydi.

Mazkur maktab zarur sport anjomi va uskunalari bilan jihozlanadi, xalqaro talab va standartlarga to‘liq javob beradi.

Maktab kelajakda turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalar – qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan yuqori darajadagi sportchilarni tayyorlaydi.

Maktabga yuqori malakali mutaxassis-murabbiylar, ruhshunos va uslubchilar, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardan yetakchi mutaxassislar jalb etiladi.

Қishки sport turlari bo‘yicha yosh istiqbolli sportchilarni tanlash va tarbiyalash masalalari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, klublar, sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi va boshqa sport-ta’lim muassasalari hamda xorijiy mamlakatlarning qishki sport turlari bo‘yicha maktab, klub va markazlari bilan tizimli hamkorlik keng yo‘lga qo‘yiladi.

Sport maktabi 2024/2025 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi.

                                                                                              O‘zA