Jumadan jumagacha
Rossiya va Xitoy rahbarlari Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini telefon orqali, so‘nggi yillarda videokoferensaloqa shaklida qutlash an’anaga aylandi. Bu safar ham shunday bo‘ldi.
Aslida Vladimir Putin va Si Szinpin 2010 yilda tanishishgan, o‘shanda biri bosh vazir, boshqasi davlat raisining o‘rinbosari edi.
Tashqi ishlar vaziri Van I o‘tgan hafta ishini yakunlagan Xitoyning xalqaro diplomatiyasiga bag‘ishlangan simpoziumda ikki davlat munosabatlariga “tosh kabi mustahkamdir”, deb ta’riflagan edi. Bu iborani avval ham qo‘llaganini ekspertlar e’tirof etishadi.
Davlat rahbarlari muloqot chog‘ida Rossiya yetakchisi Xitoy raisini 2023 yilda Moskvaga taklif etadi va u qabul qilindi. Chin rahbari 2019 yilning iyun oyida safar bilan Rossiyaga borgan, qator hujjatlar qabul qilingan, ular orasida eng muhimi keng miqyosdagi hamkorlik va strategik hamjihatlik munosabatlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot edi.
Si Szinpinning bu yilgi tashrifi, ishchi, rasmiy safarlarni qo‘shib hisoblaganda, to‘qqizinchisi bo‘ladi. Bu esa ikki davlat aloqalarining mustahkamligidan darak beradi(mi)…
Tashrif taxminan mart oyi oxiri, aprel boshlarida bo‘lishi kutilmoqda. Butun Xitoy xalq vakillarining yig‘ilishining navbatdagi sessiyasi mart oyi boshida bo‘lib o‘tadi, unda jiddiy kadrlar masalasi ko‘riladi. Ana shundan keyin Si ko‘ngil xotirjamlik bilan Moskvaga borsa bo‘ladi…
Tashrif mavzusi Ukraina atrofidagi mojaro davom etayotgan bir paytda ko‘tarildi. Xitoy yetakchisi Rossiya “muzokaralar yo‘li bilan ziddiyatni hal etishni inkor etmayapti”, deb bayonot berdi. Bu esa butun mas’uliyat Kiyevga o‘tganini anglatmaydimi?
Szinpinning dekabr oyidagi Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali suhbatini Vashington hajm qilolmadi, Berlin va Pekinning yaqinlashishini xohlamasligini bildirib qo‘ydi, ayniqsa, Ukraina masalasidagi qarashlari yaqin bo‘lib chiqdi.
AQSH Kiyevga ta’sirini yo‘qotib qo‘yishdan xavotirga tushdi.
Ana shunday vaziyatga qaramay Xitoy yetakchisi Moskvaga bormoqchi.
Tahlilchilar shu bilan barobar “katta yettilik”ning Bali orolidagi yakuniy hujjatida qoralangan Rossiyani himoya qilolmaganiga e’tibor qaratishdi, unga o‘z imzosini qo‘yadi… Bahorga borib vaziyat o‘zgarib qolishiga umid qilayotgandir balki…
Putin-Szinpin suhbati davomida Ukraina masalasi ko‘tarilmadi, ikki davlatning rasmiy xabarlarida bu mavzu aks etmadi. Ekspertlarning fikricha, bu mavzu ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda halaqit bermas ekan.
Xabarlarda davlat yetakchilari harbiy va harbiy-texnik sohalarida hamkorlik qilishlariga urg‘u berildi.
Yana muhim fakt shundaki, yil oxirida AQSH “Milliy mudofaa xarajatlari to‘g‘risidagi qonun”ni qabul qildi va Tayvan hukumatiga ikki milliard dollarlik harbiy yordam uchun mablag‘ ajratdi…
Putin ikki mamlakatning strategik sherikligi “o‘sib borayotgan geosiyosiy tanglik” shartlarida “barqarorlashtiruvchi omil” bo‘lishiga ishonadi.
Szinpin esa “murakkab xalqaro vaziyat davrida Rossiya bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi va butun dunyoda barqarorlik manfaatlari yo‘lida bir-birimizga amaliy, global sherik bo‘lish imkoniyatini yaratishga tayyormiz”, deb bayonot berdi…
Koreya yarim oroli yana notinch…
Yangi yilning ilk kuni Janubiy Koreya Shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi tizimida yangi bo‘linma – Yadro va boshqa ommaviy qirg‘in qurollariga javob berish qo‘mondonligi tashkil qilindi. Xabarlarda uning asosiy vazifasi KXDRdan kelayotgan yadroviy raketa tahdidiga javob berishdan iborat ekani aytildi.
Darhaqiqat, 2022 yilda yadro tahdidi sezilarli oshdi. Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘tgan yili rekord darajada – 40 raketa uchirdi, ulardan chamasi o‘n beshtasi yangi, zamonaviy raketalar edi. Oxirgi to‘rtta ballistik raketa 31 dekabr va 1 yanvar kunlari uchirildi.
26-31 dekabr kunlari Koreya mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining oltinchi plenumi davom etayotgan paytda mamlakat harbiy sanoat majmuasi jamoalari davlat rahbariga o‘ttizta yangi raketa ishlab chiqilgani to‘g‘risida hisobot berdilar.
KXDR yetakchisi Kim Chen In taktik yadro qurolini ommaviy ravishda ishlab chiqarish zarurligi to‘g‘risida gapira turib, “Janubiy Koreya, shubhasiz dushmanga aylandi”, deb ta’kidlab qo‘ydi.
Ommaviy axborot vositalari prezident sevimli qizi Kim Chju E bilan mamlakatning raketa bazalaridan birini ziyorati chog‘idagi suratini chop etishdi.
Koreya Respublikasi 1953 yil iyulda tugagan Koreya urushidan buyog‘iga shimoliy qo‘shnisining tahdidi ostida yashab keladi. Pxenyanning oxirgi tahdidlari va provokatsiyalari Seulni haddan tashqari tashvishga solmoqda. Ekspertlarning yakdil fikricha, Koreya yarim orolida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashib bormoqda. Janubga dushman davlat, deb ochiq qarashi shimolning jangovarligi oshayotganidan dalolatdir.
O‘tgan yilning may oyida prezident etib saylangan Yun Sok Yol Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiq pozitsiyada turmoqda. Avvalgi davlat yetakchisi Mun Chje Inom Pxenyanga nisbatan ancha yumshoq siyosat yuritganini eslashadi ekspertlar.
Yun Sok Yol Seul va Vashington bunday tahdidlarga munosib javob berish uchun AQSHning yadroviy imkoniyatlari yordamida qo‘shma mashqlar o‘tkazish rejasi tuzayotgani xabarini berdi.
KXDR yetakchisi Kim Chen In “AQSH va Janubiy Koreya bizni izolyatsiya qilishga intilmoqda”, deb bayonot berdi. Siyosiy tahdid ohangini balandlatib, yangi qit’alararo ballistik raketalar ishlab chiqarishni tezlashtirish topshrig‘ini berdi.
Mutaxassislar, shuningdek, Pxenyan uzoq masofali raketalarni tashish va uchirishga qodir birinchi suvosti kemasini yaratish ishlari nihoyasiga yetayotganidan ogohlantirishmoqda. Bu texnologiya ishga tushgach, Shimoliy Koreya yadroviy kuchlarini ko‘p qirrali va xavfli bo‘lishiga ishora qilishmoqda.
Aksariyat kuzatuvchilar yaqin orada Shimoliy Koreya yadro qurolining yerosti sinovini o‘tkazishini taxmin qilib chiqishdi. Aslida Pxenyan 2017 yilda bu haqda moratoriy e’lon qilgan edi. Yetinchi marta bunday sinov o‘tkazilishi xabarini bergan “The Korea Times” gazetasi uning Pxenyan bilan bog‘liq uchta muhim voqeaga bag‘ishlanishini sanab o‘tdi.
8 yanvarda Kim Chen In, 16 fevralda esa vafot etib ketgan otasi Kim Chen Irning tug‘ilgan kunlari nishonlanadi va 8 fevralda Koreya xalq armiyasi tashkil etilganiga 75 yil to‘ladi…
Turkiya, Suriya va Rossiya…
Yaqin Sharqda xalqaro vaziyat pishib yetilmoqdaki, u mintaqadagi kuchlarning jiddiy o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. O‘tgan yilning oxirida Moskvada Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu vositachiligida Turkiya va Suriya mudofaa vazirliklari rahbarlari – Xulusi Akar va Ali Mahmud Abbos o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu ikki musulmon qo‘shni davlat vazirlarining 11 yildan keyingi ilk uchrashuvi edi.
Yana Moskvaning diplomatik sa’y-harakati bilan Turkiyaning Milliy razvedka tashkiloti raisi Hoqan Fidan va Siriyaning maxsus xizmat rahbari Ali Mamlyuklar rosa uch yil avval Moskvada, keyingi yillarda Yaqin Sharq mamlakatlarida, hatto Suriyada o‘zaro ko‘rishib olgandilar.
Damashq Anqaraning taklifini bekorga qabul qilish ishorasini bermadi. Turkiya Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Misr bilan munosabatlarni eski holiga qaytarish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshlab yuborgan.
…Rasmiy xabarga ko‘ra, tomonlar avvalo Suriya ziddiyatining maxfiy jihatlari, qochoqlar va “Suriya hududida joylashib olgan terrorchi tashkilotlarga qarshi birgalikda kurash” masalalari muhokama qilishgan.
Ekspertlar Akarning uchrashuv chog‘ida atayin aytgan “Anqara qo‘shni davlatlar, xususan, Suriya va Iroqning hududiy yaxlitligi va suveren huquqlarini hurmat qiladi, bizning yagona maqsadimiz terrorizmga qarshi kurashdir, boshqa niyatimiz yo‘q”, degan bayonotiga e’tibor qaratishdi.
Qatarning “Al Jazeera” telekanali “uch tomonlama qo‘shma komissiya” tuzishga kelishib olingani, unga Suriyaga boradigan xalqaro yo‘llarni ochish va turk mahsulotlariga ruxsat berish masalalarini hal etish vazifasi yuklanganini qo‘shimcha qildi.
Tomonlar, shuningdek, suriyalik qochoqlarning vataniga qaytishiga ko‘maklashuvchi qo‘shma amallar ishlab chiqishni ham ko‘rib chiqqanlar.
Turk tomoni yana ilgariladi – Rossiya, Suriya va Turkiya Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvini tashkil etish, unda mavjud mojarosini hal etish uchun aniq “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga chaqirdi.
Qog‘ozda yengil o‘qiladigan, ammo tarozida og‘ir keladigan bu tadbirlar o‘tkazilgach, Turkiya va Suriya yetakchilarining muzokaralari haqida aniqroq gapirish mumkin bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ikki davlat o‘rtasida tinchlikparvar jarayonga yo‘l ochiladi.
E’tibor qilinsa, bir muddat avval yuqorida zikr qilingan tadbirlar rejasiga “maxfiylik” tamg‘asi urilardi. Bugun mintaqada yaqinlashib kelayotgan o‘zgarishlar haqida oshkora gapirilmoqda. Ekspertlarning ta’kidicha, Anqara va Damashq o‘rtasidagi munosabatlarning normallashmasi “Turkiyaning mintaqadagi geosiyosiy pozitsiyasiga ziyon bermaydi”.
To‘g‘risini aytish kerak bo‘lsa, Turkiya bugun to‘rtta frontda, ya’ni Suriyada, Iroq, Liviya va o‘z mamlakatining janubiy-sharqiy viloyatlarida kurd jangarilari bilan kurash olib bormoqda.
Yangi yilning ilk kunlari Oq uydan yana ogohlantirish keldi – Rossiya, Suriya va Turkiya vakillari o‘rtasidagi uch tomonlama bo‘lajak uchrashuv to‘g‘risida fikr bildirildi. “Biz ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizga ayni paytda bunday munosabatlarni normallashtirish va yaxshilash uchun fursat pishib yetilmaganini yetkazib qo‘ymoqchimiz. Mamlakatlar Bashar Asadning inson huquqlari sohasidagi qayg‘uli tarixini eslashlari kerak”.
Aslida Turkiya – Suriya munosabatlari yigirmanchi asr boshidanoq silliq ketmadi: Usmoniy saltanati inqirozga uchragach, hududiy talablar o‘rtaga chiqdi, hamon Dajla va Firat daryolari tizimini nazorat qilish bo‘yicha tortishuvlar bor, “sovuq urush” davrida davlatlar ikki tomonga tarafdorlik qildi, natijada biri NATOga a’zo bo‘ldi, boshqasi Sovet ittifoqi quchog‘iga otildi.
Kurd jangarilari yetakchi Abdulla Ojalan 90-yillarda ancha payt Suriyada berkinib yurib “faoliyati”ni davom ettirdi, u Turkiyaga qaytarib berilmadi…
Turkiya bu yil katta sinovlar oldida turibdi: davlat rahbari va parlamentga saylovlar o‘tishi, xalqning ishonchini qozonish kerak. Turkiya Jumhuriyatining 100 yilligini munosib kutib olish darkor. Boshqa tomonda esa mintaqaviy muammolar bisyor…
Nazarimizda jiddiy sinov endi boshlanmoqda. Okeanorti, G‘arb har holda voqealar rivojida tomoshabin bo‘lib qolmasa kerak…
Buguncha shu.
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi