Hamdo‘stlik mamlakatlari II o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida musobaqa nizomi tasdiqlandi, deya xabar bermoqda MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, II MDH o‘yinlari joriy yilning 4-14 avgust kunlari Belarus davlatining 11 shahrida 21 sport turi bo‘yicha tashkil etiladi.

Musobaqalar Minsk, Borisov, Brest, Vitebsk, Gomel, Grodno, Jlobin, Mogilyov, Molodechno, Orsha va Soligorsk shaharlarida o‘tkaziladi.

MDH o‘yinlarda 3 mingga yaqin sportchi, murabbiylar, hakamlar, tibbiyot xodimlari va boshqalar ishtirok etishi kutilmoqda.

O‘yinlarda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston sportchilari dasturdagi deyarli barcha turlarda qatnashsa, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Kuba, Eron, O‘mon, Saudiya Arabistoni vakillari ayrim sport turlarida ishtirok etish kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 4–11 sentyabr kunlari Qozon shahrida o‘tgan I MDH o‘yinlarida 9 davlatning 1000 nafardan ortiq sportchilari 16 ta yo‘nalishdagi 181 ta medallar jamlanmasi uchun musobaqalashgandi.

 T. Ro‘ziyev, O‘zA