«Futbol qoidalariga ko‘plab o‘zgarishlar kiritilayotganligiga Qatarda o‘tgan Jahon chempionatida yana bir bor guvoh bo‘ldik. Mazkur o‘zgarishlarni eng avvalo o‘zbekistonlik hakamlar, inspektorlar, futbolchilar, murabbiylar va keng jamoatchilikka to‘laqonli yetkazishimiz lozim», dedi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida o‘tgan yig‘ilishda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov.
2023 yilgi futbol mavsumiga tayyorgarlikka bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi direktori Laziz Qo‘chqorov, instruktor nazoratchilar Vladislav Seytlin, Valentin Kovalenko, Aleksandr Popov kabi mutaxassislar bu borada o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirishdi, deyiladi O‘FA matbuot xizmati xabarida.
FIFA hakamlar instruktori Farhod Abdullayev Qatarda yakunlangan Jahon chempionatidagi VAR tizimiga oid o‘quv materiallar va yangiliklar haqida so‘zlab berdi.
Muhokamalar jarayonida hakamlikni yanada shaffoflashtirish, tashkil etiladigan seminarlarda futbol qoidalaridagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berish, tajribali mutaxassislar ishtirokida o‘yin vaqtidagi kutilmagan holatlarni baholash kabi masalalar xususida so‘z bordi.
Yig‘ilish yakunida joriy yil fevral oyida o‘yin qoidalaridagi o‘zgarishlar haqida Super-liga va Pro-liga jamoalarining a’zolariga tushuntirishlar berilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA