Bugun, 5 yanvar kuni Qatar poytaxti Doxada o‘tkazilgan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (AWF)ning navbatdagi hisobot-saylov yig‘ilishida hamyurtimiz, O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat Og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov keyingi to‘rt yillik muddatga AWF vitse-prezidentligiga saylandi.
Yig‘ilish davomida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (AWF)ning amaldagi rahbari Yusuf al Mana AWF prezidentligi lavozimini saqlab qoldi.
Saudiya Arabistonidan Muhammad Alxarbi bosh kotiblik vazifasiga saylangan bo‘lsa, xitoylik Men Bo, Janubiy koreyalik Sung Yong Choy va o‘zbekistonlik Shahrullo Mahmudov tashkilotning vitse-prezidentlari etib saylandi.
E’tiborlisi, hamyurtimiz ovoz berish jarayonida eng ko‘p ovoz to‘plashga erishdi. AWFning hisobot-saylov jarayonida bevosita ishtirok etgan delegatlarning 42 nafari o‘zbekistonlik sport mutaxassisini yoqlab chiqdi.
Shu tarzda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining 11 nafardan iborat yangi saylangan ijroiya qo‘mitasi tarkibi tasdiqlandi. Ular joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari, “Parij-2024” Olimpiadasi hamda to‘rt yillik muddat davomidagi qit’a va jahon chempionatlarida AWFning rahbarlari sifatida og‘ir atletika musobaqalariga rahbarlik qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA