Bugun, 5 yanvar kuni Krishtianu Ronaldu bilan ikki yillik shartnoma imzolagan «Al-Nasr» futbol jamoasining Saudiya Arabistoni chempionatidagi navbatdagi tur o‘yini bo‘lib o‘tadi. Ammo jamoa safida Ronaldu maydonga tusha olmaydi. Sababi…
Daily Mail nashrining ma’lumotiga ko‘ra, Angliya premer ligasidagi o‘yin mobaynida Ronalduga berilgan diskvalifikatsiya Saudiya Arabistoni chempionatida ham amal qiladi.
O‘shanda Krishtianu Ronaldu «Everton»ga qarshi o‘yinda yosh muxlisining qo‘lidan telefonni olib qo‘yganligi tufayli Angliya futbol assotsiatsiyasi tomonidan ikkita o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan.
FIFA qoidasiga binoan bir ligada qo‘yilgan taqiq boshqa bir ligada ham amal qilinadi. Qaror chiqarilgach, APLda tanaffus e’lon qilingandi. Shundan so‘ng Ronaldu va MYU o‘rtasidagi shartnoma bekor bo‘ldi. Bu o‘rtada futbolchi biron-bir ligada o‘yin o‘tkazmaganligi oqibatida jazo ijrosiz bo‘lib kelayotgandi.
Shu sababli Ronaldu «Al-Nasr»ning bugun «Al Tayeye»ga qarshi uchrashuvini hamda 14 yanvar kuni «Al-shabab»ga qarshi o‘yinni ham tomoshabinlar safida kuzatishi lozim bo‘ladi, deyiladi xabarda.
O‘zA