O‘zbekistonlik talaba-sportchilar AQSHda o‘tadigan qishki Universiada o‘yinlarida ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Joriy yilning 12-22 yanvar kunlari AQSHning Leyk-Plesid shahrida talabalarning XXX Butunjahon qishki Universiada o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi 10 yanvar kuni AQSHga yo‘l oladi.

– Sport delegatsiyamizning umumiy soni 24 nafar bo‘lib, shundan 13 nafari sportchi, 9 nafari murabbiy va mutaxassislardan tashkil topgan. Vatanimiz talaba-sportchilari 3 ta sport turi – tog‘ chang‘isi, snoubord va figurali uchish yo‘nalishlarida Universiada o‘yinlarining medallari uchun kurash olib boradi. Tog‘ chang‘isida 6 nafar, snoubordda 5 nafar va figurali uchishda 2 nafar vakilimiz qatnashadi, – deydi O‘zbekiston talabalar sport assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Erkin Qodirov.

Qishki Universiada o‘yinlarida eng katta sport delegatsiyasini AQSH vakillari tashkil etadi. Mezbonlarning 150 nafar talaba-sportchisi o‘yinlarda qatnashishi kutilayotgan bo‘lsa, Yaponiya jamoasi 139 nafar, Kanada vakillari esa 121 nafar, Chexiya 94, Janubiy Koreya esa 85 nafar sportchi bilan bahslarda qatnashish uchun talabnoma taqdim etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning ilk kompleks sport musobaqasida 44 ta mamlakatning 1 ming 443 nafar talaba-sportchilari qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA