Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) 2022 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 135 ta davlat orasida 37 ming 600 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rindan joy oldi.
Ushbu natijaga erishishda bokschilarimizning Xalqaro boks assotsiatsiyasi tizimidagi jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va ko‘rsatgan natijalari inobatga olingan. Masalan, IBA baholash mezonlariga binoan qit’a chempionatida oltin medalga musharraf bo‘lgan bokschilar 1200 ochko jamg‘arsa, kumush — 900, bronza sohiblari 700 ochkoga ega bo‘lgan.
Mamlakatimiz bokschilari o‘tgan yili kattalar o‘rtasidagi qit’a chempionatida 5 ta oltin medalga ega bo‘lib, erkaklar o‘rtasida umumjamoada 1-o‘ringa ko‘tarildi. Ammo bokschi qizlarimizning bu borada Qozog‘iston vakillaridan medallar jamg‘arishda ortda qolishi umumiy natijaga ta’sir ko‘rsatdi. Mazkur reytingning 3-pog‘onasini 36 ming 300 ochko jamg‘argan Hindiston bokschilari band etdi. Ulardan keyingi qatorlar AQSH, Turkiya, Meksika vakillariga tegishli bo‘ldi.
Aytish lozim, ushbu reyting faqat kattalar terma jamoalarining natijalari asosida ishlab chiqilgan. Agarki, turli yosh toifalaridagi terma jamoalarning jahon va qit’a chempionatlaridagi natijalari ham umumiy reytingga qo‘shilganda, so‘zsiz, O‘zbekiston boks jamoasi yagona yetakchiga aylanishi shubhasiz edi.
Boisi, mamlakatimiz o‘smir bokschilari qit’a va jahon chempionatlarida, “Osiyo bolalari” o‘yinlarida va boshqa xalqaro turnirlarda doimiy tarzda yetakchilikka erishib keldi. Xuddi shuningdek, yoshlar terma jamoasi ham 2022 yilgi musobaqalarda munosib yutuqlarga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Ispaniyaning La-Nusiya shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekistonning yosh bokschilari 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega chiqqan holda umumjamoada 1-o‘ringa ega chiqqanligi ortda qolgan yil yurtimiz charm qo‘lqop ustalari uchun muvaffaqiyatli kechganligini ko‘rsatmoqda.
Aytish lozim, 2021 yili Serbiyada yakunlangan jahon chempionatidan keyin IBA reytingida AQSH terma jamoasi yetakchilik qilib kelayotgan edi. Hamyurtlarimiz esa ikki yil muqaddam kuchli beshlikda qayd etilgandi. Bu safar ikkinchi o‘rindamiz.
Joriy yil may oyida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati poytaxtimiz Toshkent mezbonligida o‘tishini nazarda tutsak, Olimpiya yilini yurtimiz bokschilari IBA reytingi yetakchisi sifatida qarshilashiga ishongimiz keladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA