Ukraina Prezidenti ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida turkiyalik hamkasbi Rejep Tayyip Erdog‘an bilan yakshanba kuni telefon muloqoti o‘tkazganini yozgan. Tomonlar suhbat chog‘ida don bo‘yicha kelishuvni takomillashtirish imkoniyatini muhokama qilgan.
“Anadolu” agentligi xabariga ko‘ra, Zelenskiy bir necha marta Turkiyadan Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti ko‘lamini kengaytirish masalasida murojaat qilgan. Kiyev, shuningdek, don shartnomasini bir yilga uzaytirish va loyihaga Nikolayev portini qo‘shishni so‘rayapti.
Turkiya yetakchisi shu kunning o‘zida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashib, “g‘alla kelishuvini amalga oshirish va Turkiyada gaz markazi yaratish g‘oyasini muhokama qilgan. Shuningdek, Ukraina atrofidagi vaziyatga fundamental qarashlarini bayon qilgan Erdog‘an suhbat davomida don yo‘lagi orqali “boshqa oziq-ovqat mahsulotlari va xom ashyo eksportini ham taklif qildi”, deyiladi xabarda.