Markaziy Osiyo davlatlari global tahdidlar fonida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Natalya German Ashxobodda bo‘lib o‘tgan beshinchi Markaziy Osiyo ekspertlari forumida gapirdi.

“Beshinchi forum mintaqa mamlakatlarining yanada yaqinlashuvi, o‘zaro hamkorligini mutlaq barcha jabhalarda, ayniqsa, bugungi o‘ta og‘ir xalqaro vaziyatda chuqurlashtirish fonida o‘tmoqda. Xususan, xavfsizlikka tahdid nuqtai nazaridan hududda xalqaro terrorizm va ekstremizmga, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash va Afg‘onistondagi vaziyatni tezroq barqarorlashtirish muammolari mavjud”, dedi German.

Maxsus vakil so‘zlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari uchun oziq-ovqat xavfsizligi va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish masalasi kun tartibidan o‘rin olgan.

“Atrof-muhit xavfsizligi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash mintaqa uchun, jumladan, kam uglerodli iqtisodiyotni barpo etish, resurslarni tejash va yashil texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish dolzarbligicha qolmoqda”, deya qo‘shimcha qildi German.

O‘zA