Vatan bayrog‘i – g‘ururimiz, orimiz, jonajon O‘zbekistonimizning tengsiz timsoli.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i”  shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga ijodkor ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, pedagoglar, talaba-yoshlar taklif etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo va boshqalar  xalqimizni buyuk maqsadlar yo‘lida  birlashtirish, yoshlarda milliy vatanparvarlik hissini shakllantirishda davlat ramzlari qabul qilingan kunlarni bayram sifatida keng nishonlash o‘zining ijobiy samarasini berayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi, bayrog‘i va madhiyasi xalqimiz, ayniqsa, yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizni har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu muqaddas timsollarimiz mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ularni o‘zida mujassam etadi.

Bayram tadbirida harbiy qism askarlari, kursantlar va “Temurbeklar maktablari” o‘quvchilari ishtirokida vatanparvarlik mavzusida saf qo‘shiqlari hamda harbiy jang san’ati namunalari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va boshqa hamkor vazirlik, idoralar bilan birgalikda Toshkent shahridagi markaziy ko‘chalarda Davlat bayrog‘ini o‘rnatgan holda “Vatanparvar avtokarvoni” tashkil etildi. Otliqlar safi vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holda shahar ko‘chalari bo‘ylab yurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan tanlovlar o‘tkazilgan edi. Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzusidagi videoroliklar tanlovi hamda “Inson qadri uchun” turkumidagi videoroliklar tanlovi g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda “Ranglarda aks etgan Vatan madhi” mavzusida rasmlar tanlovi tashkil qilindi. “Vatan madhi yangrar dilimda” onlayn intellektual tanlovi o‘tkazildi.

Davlat bayrog‘ini qadrlashga qaratilgan tasviriy targ‘ibot vositalari mamlakatimizning barcha hududlarida, markaziy ko‘chalaridagi panno va bannerlarga joylashtirildi. Davlat ramzlariga bag‘ishlangan videoroliklar LED ekranlar va mahalliy telekanallarda namoyish etildi.

Xalqlar do‘stligi maydonida xalqimiz suygan san’tkorlar tomonidan kengaytirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

 

Nazokat Usmonova,  

Nosirjon Haydarov (suratlar),  

O‘zA muxbirlari