Dermatologiya, venerologiya va kosmetologiya. Zamon taraqqiy etgani sari tibbiyotning mazkur yo‘nalishi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Inson salomatligi va go‘zalligini uyg‘unlashtiruvchi soha xodimlariga ham talab tobora ortib bormoqda.

Ayni paytda yurtimizda mingdan ortiq dermatovenerolog va kosmetologlar aholiga ambulator va statsionar xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Tibbiy oliy o‘quv yurtlaridagi teri-tanosil kasalliklari kafedralarida salohiyatli kadrlar yetishib chiqmoqda. Yosh olimlar ustozlari va markaz shifokorlari bilan birgalikda keng tarqalgan va yangi aniqlangan kasalliklarning zamonaviy davolash usullarini ishlab chiqmoqda. Hududlardagi tibbiyot muassasalarida teri va uning hosilalari kasalliklari, tug‘ma yoki orttirilgan kosmetik yetishmovchiliklarni muolaja qilishda ilg‘or yondashuvlar tatbiq etilmoqda.

Ammo hali O‘zbekiston dermatoveneralogiya xizmati oldida bir qator dolzarb va murakkab masalalar bor. Teri va tanosil kasalliklarini tekshirish hamda davolashni standartlashtirish, dermatoveneralogiya xizmatidagi barcha bo‘limlarda diagnostika va davolash bazasini mustahkamlash, dispanser ko‘riklarni takomillashtirish va sohani kompyuterlashtirish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Bugun poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan dermatovenerolog va kometologlarning navbatdagi s’ezdida ana shular haqida so‘z yuritildi. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya, venerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda mahalliy mutaxassislardan tashqari AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Turkiya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Eron, Belarus va Markaziy Osiyo davlatlaridan vakillar ishtirok etdi.

Anjumanda soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar, erishilgan yutuqlar, yangicha yondashuvlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya, venerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari tomonidan genodermatoz va onkodermatoz muammolari, terining zamburug‘li va virusli kasalliklari, jinsiy yo‘l bilan yuquvchi yangi xastalik turlarini aniqlash, dermatokosmetologiya va soch ko‘chirib ekish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning natijalari bilan o‘rtoqlashildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA