Bugun, 6 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Humo arena” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha 35-jahon chempionati start olmoqda.

Bugun kun davomida 60 kilogrammli o‘g‘il bolalar hamda 48 kilo og‘irlikdagi dzyudochi qizlar o‘rtasida bahslar o‘tkaziladi.

60 kilo og‘irlikdagi dzyudochi yigitlar ishtirokidagi kurashlarda 42 nafar sportchi qatnashayotganligini nazarda tutsak, ushbu og‘irlikda yurtimiz sharafini himoya qiladigan Dilshod Baratovga medallar uchun kurash oson bo‘lmasligi tayin. Qizlar o‘rtasidagi 48 kg vaznda 36 nafar dzyudochi sovrinli o‘rinlar uchun tatamiga chiqadi. Ushbu vaznda hamyurtimiz Halimajon Qurbonova bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda ilk bor o‘tayotgan jahon chempionatida 82 mamlakatning 571 nafar dzyudochisi 14 ta vazn toifasida medallar uchun kurash olib boradi. Yakkalik musobaqalar 12 oktyabrgacha o‘tkazilsa, jamoalar o‘rtasidagi bahslar 13 oktyabr kuni tashkil etiladi.

T.Ro‘ziyev,  
O‘zA