USAID va agentlik o‘rtasida 2019 yilda PQM Plus – “Dori vositalari sifatini oshirish” dasturini amalga oshirishda hamkorlik qilish borasida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Mazkur memorandumda ko‘zlangan natijalarga erishish uchun qator sohalarda hamkorlikda ish olib borishga kelishilgan bo‘lib, mazkur hamkorlik doirasida USAID vakillari agentlikning qator boshqarmalari xodimlari bilan uchrashdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, “Zarur amaliyotlar markazi” DUK vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda standart operatsion jarayonlar masalasi, sifatni boshqarish tizimini to‘liq ishlab chiqish, joriy etish tamoyillari, texnik xizmat ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi xodimlari, shuningdek GMP inspektorlari bilan mavjud tizimdagi vaziyat, ariza topshirish va litsenziyalash jarayonlari, sifatda nuqsonlar aniqlanishi va litsenziya qaytarib olinishi masalalarida suhbat o‘tkazilib, inspektorlar tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi inspeksiyalar natijalari tahlil qilindi.

Shuningdek, farmatsevtik inspeksiya vakillari bilan Farminspeksiyalar hamkorligi tizimi PIC/S indikatorlari muhokama qilindi.

Agentlik rahbariyati ham USAID vakillari bilan uchrashib, muhim masalalar va hamkorlik istiqbollari borasida muzokaralar olib bordi.

O‘zA