O‘zbekistonda sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ayniqsa, xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni sportning ommaviy turlariga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, turli kasb kasalliklaridan sport va sog‘lom turmush tarzi orqali muhofaza qilish maqsadida qator sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Xotin-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, to‘garaklar tashkil qilish, “Sport malikalari” haftaliklarini o‘tkazish, “Prezident kubogi” musobaqalarini joriy etish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida sportning  gimnastrada turlari bo‘yicha “Prezidenti kubogi” musobaqasining respublika (final) bosqichi 14 oktyabrda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur musobaqada 450 nafar sportchi xotin-qizlar ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Shu munosabat bilan vazirlikda bo‘lib o‘tgan tadbirda musobaqani shaffof hamda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, tashkilot va idora xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Rahbar kubogi”ni o‘tkazish masalasi ham ko‘tarildi. Ushbu musobaqa ham mahalla, tuman(shahar), viloyat, respublika bosqichida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda tuman hamda viloyatlarda jadallik bilan o‘tkazilmoqda. Ushbu musobaqaning final bosqichi joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

N.Rahmonova,  
O‘zA