Munosabat

Joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari qadimiy va mehmondo‘st Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Dunyo hamjamiyati, xalqaro siyosatchi va ekspertlar e’tiborini jalb qilgan ushbu nufuzli sammitda SHHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlari, faxriy mehmonlar va xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash, tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish, ekologik muammolarni bartaraf etish hamda boshqa dolzarb masalalar qatorida madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish mavzusi ham keng muhokama qilindi. Bu borada kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olinib, qator hujjatlar qabul qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi sammitda so‘zlagan nutqida madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosini shakllantirishini, xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunish SHHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklikning garovi ekanini alohida ta’kidladi.

Qayd etish joizki, SHHT Nizomi va SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida 2007 yilda imzolangan madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq, a’zo davlatlar madaniy muloqot va gumanitar almashuvlarni chuqurlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. “Shanxay ruhi”dagi madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish va umumiy rivojlanishga intilish tamoyillariga izchil amal qilinmoqda.

O‘zbekistonning SHHTga raisligi davri ham madaniy-gumanitar tadbirlarga nihoyatda boy bo‘ldi. O‘tkazilgan 80 dan ortiq tadbirlarning chorak qismi madaniy-gumanitar sohaga taalluqlidir. Xususan, san’at, adabiyot, musiqa, kinematografiya va tasviriy san’at yo‘nalishlarida madaniyatlar muloqotini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator loyihalar ro‘yobga chiqarildi. 2022 yil 19 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishida madaniy xilma-xillikni saqlash, ko‘p asrlik an’analarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, yoshlarni turli g‘oyaviy tahdidlardan himoyalash kabi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

SHHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida Muzey ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasining ma’qullanishi ana shunday muhokamalarning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.

Axborot tarqatish zamon va makon chegaralarini tan olmayotgan bugungi globallashuv davrida madaniyatlar hamda sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlash har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. SHHTning ayni yo‘nalishda keng ko‘lamda faoliyat yuritayotgani uning istiqbolini namoyon etish bilan birga, obro‘-e’tiborini, ta’sirchanligini, hayotimizdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.

Tuzilmaga a’zo mamlakatlarni mushtarak qadriyatlar, tarixiy-madaniy aloqa nuqtalari, umumiy madaniy meros, etnik-madaniy yaqinlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bog‘lab turadi.

Ajdodlarimiz hamkorlik va o‘zaro ishonch tamoyillariga suyangan holda insoniyat sivilizatsiyasi ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan. Yangi taraqqiyot yo‘lida jipslashish maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti Xartiyasida ko‘p qirrali madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yillar davomida tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashish masalasiga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, YUNESKO jahon madaniy merosiga kiritgan har to‘qqizinchi ob’ekt SHHT davlatlari hududida joylashgani inobatga olingan holda, bu tarixiy obida va meroslarning ma’lumot bazasini tuzish, qo‘riqlash, himoyaga olish, soha mutaxassislarini tayyorlash, madaniy yodgorliklar noqonuniy olib ketilishiga birgalikda qarshi turish, san’at asarlarini restavratsiya qilish, kutubxona-ma’lumot xizmatlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi amaliy ishlar bajarildi. Turizm, teatr, musiqa, kino, televideniye, arxiv ishlari, OAV o‘rtasida hamkorlik borgan sari rivojlanmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi ham faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Toshkent shahrida tili, dili, tarixi, chegaralari tutash, qadriyatlari yaqin millatlarni yanada jipslashtirishga hissa qo‘shuvchi katta madaniy voqea – SHHTga a’zo mamlakatlar xalqlari ertaklari, maqollari to‘plami nashr etildi. Ushbu kitoblar orqali ezgulik tarannumi, yaxshilik, mardlik va jasorat, adolat hamda haqiqatparvarlik urug‘larini qadash beg‘ubor qalblardan boshlanadi.

Sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi o‘rtasida 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan madaniy almashinuv dasturi qabul qilindi.

Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Jumladan, kelgusida har ikki mamlakatda “Madaniyat kunlari” o‘tkaziladi. Tomonlar o‘z badiiy jamoalari, san’atkorlari, mutaxassislari va olimlarining ko‘rik-tanlovlarda, san’at festivallarida, simpoziumlarda, ilmiy konferensiyalarda va madaniyat sohasidagi boshqa xalqaro tadbirlarda ishtirok etishiga, shuningdek, madaniy almashinuv maqsadida o‘z ijodiy jamoalari va tashkilotlarining gastrol safarlariga o‘zaro yo‘naltirilishiga ko‘maklashadilar.

Ikki davlat teatrlari, muzeylari, san’at galereyalari va kutubxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘lga qo‘yiladi.

Dasturga muvofiq, Xorazm viloyatidagi qadimiy Xiva shahrining tarixiy-madaniy yodgorliklarini muhofaza qilish va tiklash sohasida, Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan madaniy-tarixiy yodgorliklarni YUNESKO ro‘yxatiga kiritish uchun arizalar topshirish bo‘yicha hamkorlik yanada rivojlantiriladi. Qo‘shma arxeologiya, yodgorliklar madaniyati ko‘rgazmalari, muzeylarni boshqarish, madaniy yodgorliklar kontrabandasining oldini olish, ilmiy almashinuvlar, kadrlar tayyorlash va boshqa yo‘nalishlardagi aloqalar o‘zaro qo‘llab-quvvatlanadi.

Samarqanddagi tarixiy anjumanda “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvonining ta’sis etilishi tashkilot brendini ilgari surish va uning qadriyatlarini ommalashtirishga xizmat qiladi. Bu institut O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil sentyabr oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ilgari surilgan edi. Ushbu tashabbus barcha davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uning dolzarbligi ta’kidlandi. Ushbu unvon madaniyat, san’at, adabiyot, ilm-fan, tasviriy ijod, musiqa, sport sohalaridagi taniqli arboblarga, jamoatchilik e’tirofi, hurmatiga sazovor bo‘lgan kishilarga berilishi ko‘zda tutilgan.

Samarqand sammitida SHHT kotibiyati va Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha BMT (YUNESKO) o‘rtasida memorandum imzolangani ham tashkilotning madaniy-gumanitar aloqalar miqyosi kengayib borayotganini anglatadi.

Sammitda madaniyatlararo muloqotning raqamli platformalarini ishga tushirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari o‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish, sayyohlik sohasida qo‘shma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidlab, ushbu ustuvor yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirish uchun kelgusi yilni “SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili”, deb e’lon qilishni taklif etdi.

Madaniyatlar va an’analar xilma-xilligini hurmat qilish – xalqlar o‘rtasida do‘stona muloqot va o‘zaro almashuvning yangi imkoniyatlarini ochib beradi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar kabi hamkorlikning qo‘shimcha formatlarini ta’sis etishga chaqirgani muhim ahamiyatga egadir. Madaniyatlararo muloqotning raqamli shakllari: virtual muzeylar va ijodiy ko‘rgazmalar, ilmiy konferensiyalar tashkil etish tashabbusi ilgari surildiki, bu biz, madaniyat xodimlarini quvontirish, ruhlantirish bilan birga, zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Kelgusida ham SHHT turli xalqlar, millat va elatlar o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ularni yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro hurmat asosida uyg‘unlikda rivojlantirish, SHHTga a’zo mamlakatlarning ko‘p asrlik an’analari va urf-odatlari haqidagi bilimlarni kengroq ommalashtirish asosiy diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Madaniy aloqalar madaniyat va san’at festivallarini o‘tkazish orqali doimiy ravishda kengayib boradi. Teatr va muzeylar, arxivlar, kutubxonalar, kinokompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirishga ahamiyat beriladi.

Prezidentimiz sammitda Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelganini ta’kidlar ekan, sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etdi.

Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondashuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, “Samarqand ruhi” tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

Demak, hamkorlik shakl va mazmunan yanada kengayadi. Ayniqsa, pandemiya va iqtisodiy inqiroz sharoitida gumanistik hamkorlik, bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana hamda qadriyatlariga hurmat tamoyillari odamlarni yanada jipslashtiradi, o‘zaro tushunish, hamjihatlik, mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlaydi. Bu esa SHHT mintaqasida barcha mamlakatlar integratsiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Ozodbek NAZARBEKOV,

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.