Anton Siluanov: "O‘zbekiston bilan hamkorligimiz barcha yo‘nalishda izchil rivojlanmoqda"

Mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri Anton Siluanov davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi doirasida mamlakatlarimiz rahbarlari tomonidan imzolangan muhim hujjatlar va erishilgan kelishuvlar bugun keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston va Rossiya moliya vazirliklari o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum iqtisodiy sohadagi hamkorligimizga yangi sur’at bag‘ishladi. Ushbu hujjatga muvofiq moliya vazirliklari o‘rtasida soliq va bojxona tizimlarini takomillashtirish yuzasidan faol muloqot o‘rnatildi.

Memorandum doirasidagi mazkur tashrifdan maqsad mamlakatlarimiz vazirlik va idoralari o‘rtasida moliya sohasida o‘zaro tajriba almashish istiqbollarini belgilab olishdan iborat. Shu maqsadda delegatsiyamiz tarkibida Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligidan tashqari Federal soliq, Federal bojxona xizmatlari, moliya institutlari, yetakchi departamentlar rahbarlari tashrif buyurdi.

Vazirliklarimizning o‘zaro manfaatlariga oid hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlarning Toshkentda o‘tgan majlisida ikki tomonlama muloqot doirasidagi barcha masalalar ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonlik hamkasblar bilan soliq va bojxona sohasidagi islohotlar, moliya qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokara yakunida mamlakatlarimiz moliya vazirliklari o‘rtasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

 
Matnazar Elmurodov
yozib oldi.

 

O‘zA