O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 2018-yil 9-10-mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘ladi.

Oliy darajadagi muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o‘zaro tashriflarini osonlashtirish masalalari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Prezidentlarning Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risida shartnoma, Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan jami 25 dan ortiq hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tashrif doirasida o‘tkaziladigan biznes-forum va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasida tijorat shartnomalari va iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi kooperatsiyaga oid bitimlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida konsert tashkil etilishi ham mo‘ljallangan.

 

O‘zA