Poytaxtimizda Toshkent Aksilkorrupsiya ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan forum kirish qismida Milliy kengash raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi.

T.Norboyeva korrupsiyaga qarshi kurashishning zarur sharti bo‘lgan huquqiy hujjjatlar qabul qilingani, shu asosda tizimli ishlar olib borilayotganini qayd etdi. Jamiyatda ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan siyosat tufayli korrupsiyaviy holatlar ochiq-oydin tanqid qilinayotgani, davlat idoralarida shaffoflik asosida ish yuritilayotgani, “korrupsiyasiz soha”lar ko‘payayotgani ushbu illatning kamayishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro reytingda O‘zbekiston o‘z o‘rnini yaxshilagani ham buni tasdiqlaydi. Albatta, bu borada hali qilinadigan ishlar juda ko‘p. Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat jamiyatda to‘la qaror topishi kerak.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Roli Astxana O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat, parlament muhim rol o‘ynayotganiga urg‘u berdi.

– Ayniqsa, ayollar faolligi e’tirofga loyiq. Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan harakatlarni davlat qo‘llab-quvvatlanayotgani juda muhim. Aksincha bo‘lsa, qonunsizlik avj olishi, bu jamiyatga katta putur yetkazishi mumkin. Korrupsiyaviy sxemalar orqali xalqdan yulib olingan pullar xalqning o‘ziga qaytarilishi kerak. Misol uchun, shu yo‘nalishda Shveysariyada bo‘layotgan sud natijasida xalqning mablag‘i o‘ziga qaytariladi va bundan oddiy odamlar ham bahramand bo‘ladi, degan umiddaman. BMT buni qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi u.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda va dunyo mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, istiqboldagi yangi loyihalarni muhokama qilish va o‘zaro tajriba almashishdan iboratligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, BMT GJB, YeXHT, Jahon Banki va “Mintaqaviy muloqot” XNT ko‘magida tashkil etilgan forumda AQSH, Koreya, Gonkong, Malayziya, Latviya, Ozarbayjon kabi mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha organlari vakillari, shuningdek, xorijiy ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdi.

Forum sessiyalarida jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash bo‘yicha fikr almashildi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda ta’lim va ma’rifatni kuchaytirish mexanizmlari muhokama qilindi.

“Ochiqlik va oshkoralik korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmi sifatida” mavzusiga bag‘ishlangan sessiyada Koreya va Ozarbayjon mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli tashkilot va idoralari rahbarlari va vakillari, YeXHT, “Mintaqaviy muloqot” nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislari ishtirok etdi.

Ular davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini yaratish, ochiq ma’lumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash singari yo‘nalishlarda ma’lumot almashdi.

“Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni samarali baholashni shakllantirish” mavzusidagi navbatdagi sessiya doirasida ishtirokchilar korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti, usullari va ularning korrupsiyaning oldini olish, yaxlitlik tizimini saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va minimallashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu sessiyada Malayziya, Gonkong, Finlyandiya kabi mamlakatlarning vakillari va Jahon banki, BMT TD va Yevropa Kengashi ekspertlari ishtirokchilarni bu boradagi xorijiy tajriba bilan tanishtirdi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashishda ta’limning o‘rni” mavzusidagi muhokama sessiyasida korrupsiyaga qarshi ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalar xususida gap bordi. Korrupsiyaga qarshi ta’limning zamonaviy mexanizm va vositalarini o‘rganish, qolaversa, davlat xizmatchilari va aholini korrupsiyaga qarshi o‘qitish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Unda BMT TD, BMT GJB, Jahon banki, IACA xalqaro aksilkorrupsiya akademiyasi ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Forum yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish siyosatini yanada takomillashtirish, ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlar natijadorligini baholash va sifatini oshirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha taklif-tavsiyalar tayyorlandi.

Norgul Abduraimova, O‘zA