Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurot Haitmetov ma’lumotlariga ko‘ra, agentlikka joriy yilda iste’molchilar huquqlari buzilishi yuzasidan 15 ming 987 ta shikoyat bilan murojaat qilingan. Kelib tushgan murojaatlarning 48,3 foizi uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 26,4 foizi savdo va umumiy ovqatlanish, 14,7 foizi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 10,6 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to‘g‘ri keladi.

Agentlik tomonidan o‘tgan davr mobaynida murojaatlar hamda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, iste’molchilarga yetkazilgan 192,8 milliard so‘m miqdoridagi zarar  qayta hisob-qitob qilindi.

O‘tgan davr mobaynida ayrim sabablarga ko‘ra, aviachipta hamda biletlardan foydalana olmagan iste’molchilarning aviachipta pulini qaytarib olishdagi muammolari bo‘yicha 581 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqilishi natijasiga ko‘ra, 154 nafar fuqaroga 316,1 million so‘mlik aviachipta pullari, qolgan 241 nafar fuqaroga 56,7 million so‘mlik bilet pullari qaytarib berilishi ta’minlandi.

Mutaxassisning  ta’kidlashicha, agentlik tomonidan inson hayoti, salomatligi, mol-mulki, atrof-muhit uchun xavfli va sifatsiz bo‘lgan mahsulotlarni aniqlash, shuningdek ularning ishlab chiqaruvchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni iste’molchilarga yetkazish maqsadida chakana savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida tovarlar va xizmatlarning nazorat xaridi amalga oshirilgan.

Nazorat davomida 369 nomdagi (un, qolipli non, shakar, idishdagi ichimlik suvi, quyultirilgan sut, kolbasa mahsuloti, sariyog‘, go‘shtli konserva, pishloq, yog‘-moy mahsulotlari, sement, ko‘mir, armatura, paxta yog‘i, tomatli ketchup, led lampalar, elektro kabellar va boshq.) mahsulotlar bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza natijasida 85 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangan.

2022  yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun quruvchi yoki qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan qurilayotgan ko‘p kvartirali uylardan xonadon sotib olish to‘g‘risida kelishilgan shartnomaning muhim shartlari buzilishi (belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi) bo‘yicha 441 ta murojaat kelib tushgan.

Mazkur murojaatlarni o‘rganish natijasiga ko‘ra, 290 ta iste’molchiga 1 milliard 526,7 million so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlangan. 22 nafar iste’molchini qonuniy huquq va manfaatlarini sudlarda himoya qilishni ko‘zlab 420 million so‘mga da’vo arizalari kiritilgan.

Tovar ishlab chiqarilar ekan, xizmatlar ko‘rsatilar ekan, albatta uni kimdir iste’mol qilishi kerak. Agar iste’mol bo‘lmasa tovar ishlab chiqarishning ham, xizmat ko‘rsatishning ham keragi bo‘lmaydi. Demak, iste’molchi bozor iqtisodiyotini harakatlantiruvchi kuch sifatida markaziy o‘rin tutadi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan hududlardagi bozorlarning faoliyati, belgilangan savdo qoidalarining bajarilishi, foydalanishdagi mavjud tarozilarning sertifikatlari mavjudligi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiqligini o‘rganishlar tashkil etildi. Respublika miqyosidagi 192 ta dehqon bozorlarida 34 ta holatda qonunchilik talablari buzilishi alomatlari aniqlandi. Holat yuzasidan qonunchilik asosida ish qo‘zg‘atilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Natijada iste’molchilar tomonidan mahsulotlarni dehqon bozorlarida xarid qilish mahsulot og‘irligi bo‘yicha kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolar bartaraf etildi.

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida fuqarolar maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, qonunga binoan, iste’molchi sifati yaxshi tovarni ham almashtirib olishi mumkin. Faqatgina bunda unga o‘sha sotib olingan tovarning qandaydir iste’mol xossalari mos kelmagani sabab bo‘la oladi.

Tegishli qonunchilikka ko‘ra, iste’molchining tovarni almashtirib olishga tovar sotib olingan kundan e’tiboran 10 kun ichida huquqi bor. 10 kunlik muddat o‘tib ketgach, u bu huquqini ro‘yobga chiqara olmaydi. Shuningdek, sifatli tovarlar qaytarilganda ular iste’mol qilinmagan bo‘lishi, tovar ko‘rinishini yo‘qotmagan, iste’mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan holatda bo‘lishi kerak.

Xulosa o‘rnida qayd etish lozimki, iste’molchilarning huquqlari va manfaatlarini kafolatlaydigan qonunchilik bazasi yaratilganiga qaramasdan, hanuzgacha sifati past tovarlarni sotish, talabga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish kabi holatlar uchramoqda.

Buning sabablaridan biri – iste’molchilarning o‘z huquqlarini yetarli darajada bilmasligidir. Shu sababli iste’molchining o‘z huquqlarini bilishi va qonun tomonidan unga berilgan huquq va erkinliklarini amalga oshira olishi muhimdir.

Muhayyo Toshqorayeva, 
O‘zA muxbiri