Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 2024 yili Fransiya poytaxti Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalari uchun yangi saralash tizimini e’lon qildi.

Bu haqda insidethegames.biz sayti ma’lum qildi.

Unda aytilishicha, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya kengashi jahon bokschilari kelasi yili kontinental sport musobaqalarida kvotalar uchun kurash olib boradigan tizimning qayta ko‘rib chiqilgan versiyasini ratifikatsiya qildi.

Unga ko‘ra, 2023 yili Santyagoda o‘tadigan Pan Amerika o‘yinlari, Krakovdagi Yevropa o‘yinlari, Solomon orollarida bo‘ladigan Tinch okeani o‘yinlari hamda Xitoyning Xanchjou shahrida kechadigan yozgi Osiyo o‘yinlari “Parij-2024” olimpiadasi uchun saralash vazifasini o‘taydi.

Shuningdek, XOQ rasmiylari Afrika milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi bilan 2023 yilgi Afrika o‘yinlaridagi boks musobaqalarini “qora qit’a” charm qo‘lqop ustalari uchun saralash tadbiriga aylantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganligini bildirdi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi kelgusi yilgi qit’aviy musobaqalardan keyin “Parij-2024” oldidan aynan 2024 yili ikkita jahon saralash turnirini o‘tkazish dasturlari tayyorlanayotganligini ma’lum qildi.

“Parij-2024” o‘yinlarining boks musobaqalari uchun yangi tizimni tasdiqlash XOQning maxsus komissiyalari ishtirokida, lekin Xalqaro boks assotsiatsiyasi qatnashuvisiz amalga oshadi.

XOQ sport direktori Keyt Makkonnellning ta’kidlashicha, milliy federatsiyalar, sportchilar, murabbiylar va texnik amaldorlar avvalgi malaka modeli haqida ba’zi xavotirlarni bildirishgan. Lekin “Parij-2024” uchun joriy etilayotgan yangi tizim “Tokio-2020” olimpiadasiga qaraganda unchalik murakkab emas va 2023 yilgacha bo‘lgan mintaqaviy boks musobaqalariga va 2024 yilda nazarda tutilgan ikkita yakuniy olimpiya saralash turnirlariga asoslangan.

Ma’lumotda aytilishicha, “Parij-2024” boks musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish, saralashlarni o‘tkazish hamda olimpiadadagi boks musobaqalarini boshqarish komissiyasiga XOQ a’zosi Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Maurinari Vatanabe rahbarlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, kelgusi yilgi Yevropa o‘yinlari 21 iyun-2 iyul kunlari, bir yilga kechiktirilgan. Xanchjoudagi Osiyo o‘yinlari 2023 yilning 23 sentyabr-8 oktyabr kunlari, Pan Amerika o‘yinlari 20 oktyabr-5 noyabr, Tinch okeani o‘yinlari esa 2023 yilning 19 noyabr-2 dekabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA