Mamlakatimiz mustaqilligi bayrami yaxshi yangiliklar bilan, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinmoqda. Joylarda yangi inshootlar, markazlar ishga tushirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Toshkent viloyati va poytaxtimizdagi shunday majmualar bilan tanishdi.

Ulardan biri – Zangiota tumanida qurilgan “Elektron hukumat” tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi.

Mamlakatimizda barcha sohalarni raqamlashtirish, xizmatlarni odamlarga qulaylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, yurtimiz masofaviy xizmatlar eksporti bo‘yicha o‘ziga xos mintaqaviy xabga aylanib bormoqda. Bu xalqaro talablarga mos datamarkaz tashkil qilishni zaruratga aylantirdi.

Shu bois “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida O‘zbekistonda ilk bor katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi barpo etildi. Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Markazda Xitoyning Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda 20 peta bayt xotiraga ega tizim tashkil etilgan. 580 ta server, umumiy elektr quvvati 5 megavattli dizel generatorlar tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Binoni sovutish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash tarmoqlari ham barcha talablarga javob beradi. Umuman, Ma’lumotlar markazi xalqaro “Uptime” instituti tomonidan beriladigan TIER III sertifikatiga ega.

– Bu markaz raqamlashtirishning “yuragi”, “Elektron hukumat”ning zamini, – dedi Prezident.

Mazkur markaz ishga tushishi natijasida davlat idoralarining ma’lumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan milliardlab xarajatlari tejaladi, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi. Eng asosiysi, kiberhujumlardan ishonchli himoya ta’minlanadi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari poytaxtimizdagi O‘zbekiston milliy bog‘ida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Bu bog‘ni xalqimiz yaxshi biladi. U 1932 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan, ko‘p yillar aholining eng sevimli maskani bo‘lgan. Keyingi vaqtlarda bog‘ hududida qurilishlar bo‘ldi – Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasi binosi, Toshkent shahar tarixi muzeyi, “Magic sity” ko‘ngilochar markazi barpo etildi.

Prezidentimiz bu bog‘ning tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bu yerda milliy an’analarimizga xos muhit yaratish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shu asosida 14 gektardan ziyod hududda katta ishlar bajarildi. Ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilandi. Jami maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lgan ko‘l tiklandi. Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizildi. Qirg‘oqlar tartibga keltirilib, cho‘milish havzasi tashkil etildi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko‘chatlari ekildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda nuroniylar, adabiyot va san’at namoyandalari bilan ham suhbatlashdi. Ularni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu bog‘ning ahamiyati haqida gapirdi.

– Bugun shaharlarimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar yaxshi. Lekin qadriyatlarimizni e’zozlash, xotira ham kerak. Ilgari bu bog‘ Toshkentning eng mashhur joyi bo‘lgan, o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan. Odamlar bu yerga kelib sayr qilgan, ijodkorlar tabiatdan zavq, ilhom olgan. Talabalar, yoshlarning eng zavqli damlari shu yerda o‘tardi. Bu tarixni hozirgi kun bilan hamohang qilishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Milliy bog‘da mazmunli dam olish uchun barcha sharoit yaratilgan. Oila yoki do‘stlar davrasida sayr qilish, ovqatlanish, shaxmat-shashka va tennis o‘ynash, velosiped haydash mumkin.

– Hammamiz o‘sha mashhur kinolarimizdagi “Go‘zal Toshkent” kabi kuy-qo‘shiqlarni, hofizlarimiz ijro etgan ashulalarni yaxshi bilamiz, ular qalbimizdan chuqur joy olgan, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shuning uchun bu bog‘da ana shunday taronalar doimo yangrab turishiga e’tibor berdik. O‘ylaymanki, bu yerda avvalgidek mushoiralar, konsertlar o‘tkazish, yana kinolar olish maqsadga muvofiq. Bular bog‘imizni yanada fayzli va tarovatli qiladi.

Nuroniylar bog‘ qayta ochilib, so‘lim maskanga aylantirilgani uchun xursandligini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida qurilgan yangi binolarni ham borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari mazkur majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qo‘ygan, o‘tgan yili dekabrda bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan edi. bugungi kunda 20, 22, 25 qavatli binolar va konferensiya zali qurib bitkazildi.

Ahamiyatlisi, mazkur inshootlar mualliflik texnologiyasiga asoslangan yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida qurilmoqda. Yuqori seysmik chidamlilikka ega. Har bir bino videokuzatuv tizimi hamda yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari bilan jihozlangan.

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari rivojiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. So‘nggi besh yilda sohaga 2 milliard dollar, shu jumladan, 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi. Barcha hududlarda IT-parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etildi. Bu orqali 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, sohada o‘zini o‘zi band qilgan mutaxassislar soni 43 ming nafarga yetdi.

Joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniya tashkil etildi, eksportyor korxonalar soni esa 2 barobarga oshdi.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki bu borada yetakchi. U birinchi bo‘lib ikki qavatli binoda ochilgan edi. bugungi kunda osmono‘par, muhtasham majmuaga aylandi.

Ushbu IT-parkning rezidentlari, xizmatlar turi ham ko‘payib bormoqda. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan 53 million dollarlik xizmatlar eksport qilingan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 100 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari “Aloqabank” va “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi binolaridagi sharoitlarni kirib ko‘rdi. Ularning pastki qavatlarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish ofisi joylashgan. Yuqori qavatlar IT korxonalar uchun mo‘ljallangan. Yerto‘la qismida 3 ming avtomobilga mo‘ljallangan 3 qavatli turargoh ham bor.

IT-parkda qurilish ikki bosqichda olib borilmoqda. Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi. Sohadagi tashkilotlar, universitet, kovorking markazi o‘zaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, do‘konlar, sport maydoni, dam olish joylari ham bo‘ladi.

Shu yerda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik kompaniyasida joriy etilgan avtomatik hisoblash tizimi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining elektron tizimlarini yanada takomillashtirish loyihasi haqida ma’lumot berildi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari