Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi kadrlar tayyorlash salohiyatini yanada kengaytirmoqda. Agentlik direktori A.Azizov boshchiligidagi ishchi guruhning Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida Farmatsevtika texnik universiteti va Yonsey universitetining Farmatsevtika fakulteti va Koreya Milliy biojarayonlar ilmiy tadqiqot va malaka oshirish instituti o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv memorandumi imzolandi.

Yonsey universiteti jahonda yuqori nufuzga ega bo‘lib, uning bir guruh yetakchi mutaxassislari Janubiy Koreyaning EDCF fondi moliyaviy ko‘magida Farmatsevtik texnik universitetining moddiy-texnik bazasini shakllantirish hamda “Farmatsevtika”, “Biofarmatsevtika fanlari”, “Sanoat farmatsevtikasi”, “Kosmetik fanlar” va “Farmatsevtika kimyosi” yo‘nalishlarida o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda hamkorlik qilmoqda. Agentlik va Yonsey universiteti professorlari bilan Farmatsevtika texnik universiteti va farmatsevtika sohasidagi ilmiy mutaxassislarning malakasini oshirishda ham yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Singapurning «CPG International PTE Ltd» konsalting kompaniyasi va «BetaLife» kompaniyasi o‘rtasida ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida memorandum imzolandi.

Shu bilan birga, «BetaLife» kompaniyasining «Tashkent Pharma Park» klasterida ilmiy-tadqiqot yo‘nalishini rivojlantirishda ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kompaniya direktori, professor Lim Kah Meng  «Tashkent Pharma Park» direksiyasi klasterning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga ilg‘or tajriba va innovatsiyalarni jalb etish, shuningdek, Singapur kompaniyalarini klasterning sanoat zonasiga jalb etish borasida o‘z takliflarini berdi.

Lim Kah Meng boshchiligidagi “Metagen” rahbariyati 2024-yil may oyida klasterning ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirishning keyingi istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, “Metagen” kompaniyasining ishlab chiqarish imkoniyatlarini klaster hududida mahalliylashtirish maqsadida O‘zbekistonga taklif etildi.

 

M.Qosimova, O‘zA