Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatildi. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi.

Iqtisodiyotda yuqori talabning saqlanib qolayotgani hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning oshirilishi sharoitida xizmatlar inflyatsiyasi so‘nggi oylar davomida barqaror o‘sib bormoqda.

Bazaviy inflyatsiya sezilarli sekinlashib, mart oyida yillik 7,6 foiz va yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasidan pastroq shakllandi.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasidan yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga QQS joriy etilishi ta’sirida inflyatsion kutilmalar dinamikasi yuqorilashi mumkin.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, 2024-yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi.

Prognoz koridorining nisbatan kengligi, tariflar oshirilishi munosabati bilan aholiga taqdim etiladigan bir martalik to‘lovlar, ijtimoiy norma va ikki oylik imtiyozli davr mazkur o‘zgarishlar ta’sirini yumshatish imkonini berishi hamda hozirgi paytda ushbu o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ta’sirini baholash murakkabligi bilan izohlanadi.

Hukumat tomonidan iqtisodiyotda yalpi taklifni oshirishga va inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, uzoq muddat davomidagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining yig‘ilgan ta’sirlari inflyatsion jarayonlarni jilovlashga xizmat qiladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning birinchi choragida iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investitsion faollikning oshishi kuzatildi.

Mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Biroq, ishchi kuchi taklifida ma’lum segmentatsiya mavjud bo‘lib, yuqori malakali sohalarda talabning to‘liq qondirilmayotgani kuzatilmoqda. Bu esa, tegishli sohalarda ish haqlarining yuqoriroq o‘sishiga olib kelmoqda.

So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi. Tashqi savdo hamkorlar milliy valyutalari kurslari va inflyatsiyalari bo‘yicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar kuzatilmayapti.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, YAIM o‘sishi yil yakuniga 5,2-5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.

Iqtisodiy o‘sishning yangilangan prognozi aholi va tadbirkorlik subyektlari xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga kelgusida iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi bilan bog‘liq.

Ayni paytda, xususiy investitsiyalarda yuqori faollik, fiskal rag‘batlantirishlar va aholi daromadlarining o‘suvchi dinamikasi o‘tgan yillardagi kabi joriy yilda ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ladi.

Amaldagi pul-kredit sharoitlarining qat’iylik darajasi, ijobiy real bozor stavkalarini ta’minlash orqali iqtisodiyotda kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich mo‘tadillasha boshlagani va depozitlar o‘sishining tezlashishida namoyon bo‘lmoqda.

Kelgusi choraklarda bank tizimining umumiy likvidligi tarkibiy profitsit sharoitidan bosqichma-bosqich tarkibiy defitsit fazasiga o‘ta boshlashi va mazkur tarkibiy o‘zgarishlar pul-kredit operatsiyalari orqali to‘g‘rilanib borishi kutilmoqda.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA