Ma’lumki, litsenziyalash va ruxsatnoma olish sohasida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish uchun «Litsenziya» axborot tizimlari ishga tushirilgan. Bugungi kunda «Litsenziya» axborot tizimida (AT) litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilishga doir 108 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. 2023-yilda bu tizim orqali 146 ming 141 ta litsenziya, ruxsatnoma va xabarnoma rasmiylashtirilgan. Joriy yil 15-aprel holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 57 ming 767 tani tashkil etmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarining «Litsenziya» axborot tizimiga to‘liq kiritilish holatini nazorat tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Deputatlar «Litsenziya» AT orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini monitoring qilish natijasida ayrim muammolar aniqlangani, xususan, 2023-yilda 3 ming 789 ta qonun buzilish holatlari kuzatilganini ta’kidladi.

Mutasaddilarning aytishicha, qonun buzilish holatlari yuzasidan 156 ta ta’sir choralar qo‘llanilgan. Shu yil 15-aprel kuniga qadar 314 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan bo‘lib, vakolatli idoralar tomonidan litsenziya va ruxsatnoma berish bo‘yicha arizalar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan. Natijada «Litsenziya» ATda 2024-yil I choragida 8 ta litsenziya va 243 ta ruxsatnoma (xulosa) avtomatik shakllangan.

Adliya vazirligi tomonidan aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan jami 25 ta ta’sir choralar qo‘llanilgan bo‘lib, shundan 19 tasi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar, 6 tasi taqdimnomalar hisoblanadi.

Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish va ortiqcha byurokratik harakatlarni kamaytirish maqsadida «Litsenziya» AT barcha turdagi hujjatlarni o‘z ichiga olishi, bu tizimdan samarali foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda uning afzalliklariga doir huquqiy axborotlar tarqatish yuzasidan bir qator takliflar berildi.

 

M.Komilova, O‘zA