Har oyda O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tezkor ma’lumotlar asosida hisoblab chiqiladi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, joriy yilning mart oyida soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 foizga oshdi. Shu bilan birga, soliq tushumlari Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Soliq tushumlari manbalari bo‘yicha mol-mulk solig‘idan olinadigan daromad 31 foizga, yer solig‘i 30 foizga va daromad solig‘i 17 foizga oshdi. Bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 20,3 foizga oshdi. Eng sezilarli o‘sish Jizzax, Qashqadaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlarida qayd etildi.

Bojxona tushumlarining o‘sishi asosan, transport uskunalari va uning butlovchi qismlari, metall va metall buyumlar, texnik jihozlar hamda elektrotexnika va uning tarkibiy qismlari kabi mahsulotlar importining ko‘payishi bilan bog‘liq.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tovarlar eksporti 5,8 foizga oshgan. Eksport hajmi eng yuqori bo‘lgan hududlar Navoiy, Qashqadaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlari bo‘ldi.

Tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 0,2 foizga oshdi. Kreditlar berish bo‘yicha eng katta o‘sish Navoiy viloyatida (8,4 foizga) va Toshkent shahrida (10,5 foizga) qayd etildi. Oy davomida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida bitimlar 50,1 foizga o‘sdi. Birja faoliyati o‘sishini ta’minlagan viloyatlar Jizzax, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ldi.

Ushbu hududlarda bitimlar hajmining o‘sishi paxta tolasi, suyultirilgan gaz, avtomobil benzini, mineral o‘g‘itlar, qurilish va maishiy materiallar, bug‘doy uni, texnik urug‘lar, bug‘doy, rangli metallar, dizel yoqilg‘isi, shakar, qora metallar va polietilen kabi tovarlarni sotishni ko‘paytirish hisobiga ta’minlanmoqda.

Mart oyida 19,4 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan bo‘lib, ularning eng ko‘pi Toshkent shahri (4 107 ta), Samarqand (1 945 ta), Farg‘ona (1 667 ta), Toshkent  viloyatlarida (1 569 ta) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (944 ta) ro‘yxatga olingan.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA