O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida Qirg‘iz Respublikasi Sudyalar kengashi a’zolaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Dastlab Sudyalar oliy maktabi direktori H.Isoqov mehmonlarga mazkur dargoh va uning ish faoliyati borasida ma’lumot berdi.

Xususan, keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va professional sudyalar korpusini shakllantirish, bu jarayonda joriy etilgan yangi tartiblar, bo‘lajak sudyalarni yangi islohotlar talabi darajasida tayyorlash, amaldagi sudyalar va sudlar apparatlari xodimlarining malakasini oshirish borasida faoliyat ko‘rsatayotgan yagona ta’lim va tadqiqot markazi – Sudyalar oliy maktabida o‘quv jarayonlarining tashkillashtirilishiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Sudyalar oliy maktabi faoliyati bilan tanishish maqsadida Axborot-resurs markazi hamda bevosita dars jarayonlari o‘quv auditoriyalariga tashrif buyurdi.

Ma’lumki, sud jarayoniga tayyorgarlik bosqichi adolatli qaror chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda sud imitatsiyasi markazi faoliyati ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari sudyalikka nomzodlarni tanlash, o‘qitish, ularni sudyalikdek mas’uliyatli va sharafli vazifaga tayyorlash va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki davlat sudyalari, Oliy maktab professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdi. Ikkala mamlakat sud tizimi xodimlarini tayyorlash jarayonlari masalasida o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish va hamkorlikning istiqbollari qizg‘in muhokama qilindi.

 

O‘zA