O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida sohaviy media-maktablar doirasida OAV vakillari va blogerlar uchun «Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda zamonaviy yangi tizim – afzallik va imkoniyatlar» mavzusida media-muloqot tashkil etildi.

Tadbirda jahon tajribasi asosida mamlakatimizda moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida tashkil etilayotgan yangi tizim – «Tartibga solish qumdoni»ning mohiyati, to‘lov tizimi faoliyati, bu borada joriy etilayotgan yangiliklar xususida ma’lumotlar berildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 27 yanvardagi «Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga hamda shu yil 28 yanvardagi «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq «Zamonaviy moliyaviy xizmatlar va naqd pulsiz to‘lovlarni rivojlantirish Strategiyasi» ishlab chiqilgan.

Markaziy bankning Bank depozitlari milliy axborotlar bazasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 1 iyun holatiga katta yoshli aholining 66,4 foizi bank hisobvaraqlariga ega.

Hozirda mamlakatimizda mijozlarni masofaviy biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasidan 15 ta tijorat banki va 4 ta to‘lov tashkiloti foydalanmoqda. Joriy yilning oxiriga qadar mazkur texnologiya barcha tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarida to‘liq tatbiq etiladi.

E’tiborli jihati shundaki, mamlakatimizda bank kartasi va to‘lov terminalidan bevosita foydalanmasdan yetkazilgan tovar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun mobil ilova dasturlari yordamida QR-kod orqali tezkor to‘lovlarni amalga oshirish ommalashib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, tartibga solish qumdoni moliya bozoridagi raqobatni oshirish, mijozlar huquqlarini himoya qilish va moliya tizimi barqarorligini ta’minlash sharti asosida joriy etishga ko‘maklashish, moliyaviy xizmatlar turlarini kengaytirish va ommabopligini ta’minlash hamda ularning qonunchilik bazasini takomillashtirishni ko‘zda tutadi.

Tartibga soluvchi qumdonning ish tartibi moliyaviy bozor ishtirokchilarining muayyan guruhiga emas, balki keng jamoatchilik manfaatlariga qaratilgan mezonlar asosiga quriladi. Pirovardida, eksperimentlarni amalga oshirish jarayonini monitoring qilib borish va nazorat qilish, olingan natijalarga qarab, moliyaviy xizmatlarni joriy etish (etilmasligi) bo‘yicha tegishli qaror qabul qilishga imkoniyat yaratadi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA