Hatto Stalin ham hayiqqani aytiladigan adib – Maksim Gorkiy haqida bilmagan, uning asarlarini mutolaa qilmagan kishi topilmasa kerak.

Ana shunday taniqli yozuvchiga osh damlab, u bilan qalin do‘st tutingan andijonlik savdogar haqida esa hali hech kim bilmaydi.

Gap Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi taniqli rejissyor Tolib Hamidovning otasi  Hamid hoji Toshmatov haqida. Hamid hoji Toshmatov 1922 yillarda Shahrixon shahar savdo idorasida ta’minotchi bo‘lib faoliyat yuritgan. Shu sabab Moskvaga tijorat ishlari bilan ko‘p bor qatnab turgan. O‘sha paytlar u mashhur yozuvchi Maksim Gorkiy bilan tanishib qoladi.

Ikkisi bir-birlari bilan dildan suhbatlashayotgan chog‘da, Hamid hoji unga o‘zbek palovi haqida aytadi. Palov yog‘li va mazali bo‘lishi, O‘zbekistondan boshqa joyda tayyorlanmasligini ham keltirib o‘tadi. Gorkiy ham uning bu gaplaridan so‘ng, o‘sha palovdan tayyorlab berishini iltimos qiladi.

Albatta, buyuk proletar adibining bu iltimosi yerda qolmaydi. Hamid hoji ishlarini bitirib, o‘z yurtiga qaytadi. Oradan bir ikki oy vaqt o‘tib, yana Moskvaga boradi. Bu safar u bir oshlik xarajatni yelkasida olib keladi va ulug‘ yozuvchiga o‘zbeklarning yog‘liq palovidan damlab beradi. O‘sha vaqtda ikkalasi terlab-pishib rosa palovxo‘rlik qilishadi.

Hamid hoji Toshmatov 1896 yilda tumanning “Oq masjid” mahallasida tug‘ilgan. Yoshligidan og‘ir-bosiq, ilm va san’atga qiziquvchan, Hamid hoji Toshmatov o‘z davrida diniy bilimni ham mukammal egallagan, rus va boshqa tillarni yaxshi bilgan kishilardan biri edi.

U avval Andijonda, so‘ng Buxorodagi Mir arab madrasalarida Muxtor Ashrafiy hamda Qori Yoqubov kabi ulug‘lar bilan birgalikda o‘qiydi. Keyinchalik ular san’at yo‘nalishi tomon qadam tashlasalar, Hamid hoji Shahrixon shahar savdo idorasida ta’minotchi bo‘lib faoliyat yuritadi.

Ayyovsiz qatag‘on davrining so‘nggi yillarida uning ham boshidan ko‘p issiq-sovuqlar o‘tadi, qiyinchiliklarga uchraydi. Lekin, 6 nafar farzandni ulg‘aytirish, ularni to‘g‘ri yo‘lga solishda chalg‘imaydi.

Rejissyor Tolib Toshmatov otasi haqida shunday dedi:

– Otam el-yurt e’tiboridagi inson edi. U kishini nafaqat shahrixonliklar, balki mamlakatimizning boshqa joylarida ham hurmat qiluvchilar ko‘p edi. O‘sha davrlarda yurtimizda masjidlar yopib tashlangandi. Ularni ochish, jamoa bo‘lib namoz o‘qishni yo‘lga qo‘yish, faqat Moskvaning ruxsati bilan amalga oshirilardi. Buxoro madrasasida Muxtor Ashrafiy, Qori Yoqubov, To‘xtasin Jalolov kabi adabiyot bilimdonlari bilan birga o‘qigan otam 1958 yilda Ziyoddin qori rahbarligida Moskvaga borishadi va “Devonboy” masjidini ochishga ruxsat olib kelishadi. Shu tashabbuslari va mehnatlari munosib taqdirlanib, Hajga borishga, Ka’batulloni tavof qilishga muyassar bo‘ldi. Padari buzrukvorim 105 yoshida vafot etadi.

Abbos Yo‘ldoshev, jurnalist