O‘zbekiston Bosh prokurori IHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlari yig‘ilishida ishtirok etdi

Tojikiston Respublikasi Bosh prokurori Yu.Rahmonning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev boshchiligidagi Bosh prokuratura delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining 5-yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida Dushanbe shahriga amaliy tashrif buyurdi.
Tashrif davomida IHTga a’zo bo‘lgan davlatlar Bosh prokurorlari 5-yig‘ilishi delegatsiya rahbarlarining Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari mehmonlarni kutib olib, nazorat organlari o‘rtasida tajriba almashish va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ular o‘rtasida muntazam ravishda yig‘ilishlarni o‘tkazishning alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shuningdek, IHTga a’zo bo‘lgan davlatlar bosh prokuraturalari delegatsiyalarining yig‘ilishi bo‘lib, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashish kabi sohalarda prokuratura organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashildi.
Mazkur yig‘ilishda Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev “O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining tadbirkorlar va investorlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi tajribasi” mavzusida nutq so‘zladi.
Tadbir yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar jinoyatchilikka qarshi kurashish, shu jumladan, IHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida sa’y-harakatlarni yanada birlashtirish zarurligini ta’kidladi.
N.Abduraimova,
O‘zA