O‘zbekiston xalqaro zaxiralari 1,2 milliard dollarga qisqargan bo‘lsa-da, yuqori darajada qolmoqda

247

O‘zbekiston bilan 2024 yilgi maslahatlashuvlardan so‘ng Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi yakuniy bayonot berdi.

Mashina va uskunalar importining tez sur’atda o‘sishi (ularning bir qismi vaqtinchalik xarakterga ega), pul o‘tkazmalari hajmining 2022 yilga nisbatan qisqarishi, tashqi qarzlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining oshishi va chet el ulushi bor korxonalar daromadlarining repatriatsiya qilinishi kabi omillar ta’sirlarining oltin eksportiga nisbatan yuqori bo‘lishi to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining YAIMga nisbatan 2020 yildagi 3,5 foizdan 2023 yilda 8,6 foizgacha oshishiga sabab bo‘ldi. Xalqaro zaxiralar 2023 yilda 1,2 milliard dollarga qisqargan bo‘lsa-da, yuqori darajada qolmoqda va 2024 yil mart oyi oxirida taxminan 9 oylik import hajmini tashkil etmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi, umuman olganda, istiqbollar ijobiy ekani, ammo ichki va tashqi xatarlar saqlanib qolayotganini qayd etdi. Mamlakat rasmiy idoralarining islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy sa’y-harakatlari, ayniqsa, energetika, xususiylashtirish va davlat korxonalarini isloh qilish yo‘nalishidagi ishlar iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini yaxshilashga yordam berdi. YAIMning real o‘sishi yuqori bo‘lib, ichki talabning barqaror o‘sishi hisobiga 2024 yilda 5,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda va 2025 yilda 5,5 foizgacha oshadi.

Fiskal to‘g‘rilanishlarning davom etishi (fiskal taqchillikning qisqartirilishi), bank kreditlari o‘sishining muvozanatlashishi va importda 2023 yilda kuzatilgan vaqtinchalik omillarning kamayishi importning o‘sishini maqbullashtiradi. Bu esa joriy va keyingi yillarda joriy hisob taqchilligining pasayishiga olib keladi.

Prognozlarga ko‘ra, inflyatsiya 2024 yil oxiriga kelib energiya narxlarining oshirilishi ta’sirida biroz oshadi, ammo qat’iy makroiqtisodiy va makroprudensial siyosat hamda tarkibiy islohotlarning davom ettirilishi inflyatsiyaning keyinchalik O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilangan maqsad ko‘rsatkich darajasigacha pasayishiga olib keladi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA