– Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala – bu joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratishdir.

Amalga oshirgan islohotlarimiz natijasida mahalliy Kengashlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaydi. Shundan kelib chiqib, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti keldi, deb hisoblayman.

Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib keladi.

Hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Biz xalq vakillik organlari vakolatlarini bundan buyon ham yanada kengaytirish yo‘lidan boramiz, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zA