Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, insoniyat ilmiy-texnologik davrga qadam qo‘ydi. Jahonda keskin transformatsiya jarayonlari va raqobat kuchaymoqda. Ertangi kunini o‘ylagan xalqlar va davlatlar o‘z kelajagi haqida bugun har qachongidan ham jiddiy bosh qotirmoqda.

– Bu o‘rinda tabiiy savollar tug‘iladi. Mana shunday hal qiluvchi pallada va kelajakda davlatimizda, jamiyatimizda insonning o‘rni va qadri qanday? Qanday siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar tamoyillar, qadriyat va manfaatlar biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi? Eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlar oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini ta’minlash, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi? Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali, Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir, – dedi Prezident.

Ma’lumki, Asosiy qonunimizning 12-moddasida hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi qayd etilgan. Bu – o‘ta muhim va juda to‘g‘ri belgilangan konstitutsiyaviy qoidadir. Chunki har qanday siyosiy partiyaning mafkurasi, u qanchalik obro‘li va ta’sirli partiya bo‘lmasin, faqat muayyan ijtimoiy guruh manfaatlarini ifoda etadi. Chinakam xalq mafkurasini, millatning eng muqaddas orzu-intilishlarini faqat uning Bosh hujjati – Konstitutsiyasida to‘liq ifoda etish mumkin.

– Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari. – Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak. Biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun “Inson qadri va xalq manfaati, hamma narsadan ustundir!” Shu bois, inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart.

O‘zA