Toshkentda 30 may kuni O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralari vakillari V2V shaklida muzokara o‘tkazdi.
Mamlakatimizdan 400 ga yaqin, Tojikiston Respublikasining 150 dan ziyod biznes sub’ekti ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor o‘zaro uzoq muddatli va samarali hamkorlik o‘rnatishga qaratildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikning joriy holati va istiqboli, shuningdek, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish tizimini mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar diqqat markazida bo‘ldi.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirish, zamon talabiga mos sanoat mahsulotlarini ikki davlat bozoriga muntazam yetkazib berish, buning uchun tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratish tarafdori. Qolaversa, ikki mamlakat hukumatlari iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida o‘zaro manfaatli loyiha va dasturlar amalga oshirish orqali sarmoyaviy hamkorlikni tubdan rivojlantirishga ham urg‘u bermoqda.
Tadbirda mamlakatimiz iqtisodiyotida xususiy sektorning rolini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida so‘z yuritildi. Investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xususiy mulk va chet el kapitalini huquqiy himoya qilish mexanizmi kuchaytirilayotgani qayd etildi. Hamkorlikni kengaytirish uchun har bir mintaqa, tuman va shaharda foydalanilmagan iqtisodiy zaxira aniqlanayotgani, soliq yukini kamaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar faol ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi. Xususan, ikki mamlakat tadbirkorlari sherikligini yo‘lga qo‘yishda, ayniqsa, sanoat sektori, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari ustuvor yo‘nalishlar ekani aytib o‘tildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar xorijiy investitsiya jalb qilish, chet el kapitali ishtirokidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmlari haqida fikr almashdilar.
Anjuman doirasida O‘zbekiston – Tojikiston Ishbilarmonlar kengashining beshinchi yig‘ilishi ham tashkil etildi.
Muloqot davomida davlatlarimiz nafaqat ikki tomonlama munosabatni kengaytirish, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar farovonligi, barqaror rivojlanishini ta’minlashda bir-biriga mos manfaatga ega ekani e’tirof etildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston – Tojikiston Ishbilarmonlar kengashi beshinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi. Mazkur hujjat savdo-sanoat palatalari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri