Toshkent shahrida 27 may kuni O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida SHHTga a’zo davlatlar atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik, idoralari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi boshlandi.

Dastlab delegatsiya rahbarlari Davlat ekologiya qo‘mitasi hududidagi xiyobonga o‘zaro hamkorlik va do‘stlik ramzi sifatida daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.

“International Hotel Tashkent” mehmonxonasida gibrid formatda tashkil etilgan anjumanning asosiy tadbirida Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va mamlakatimiz atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik, idoralari mutasaddilari hamda SHHT Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.

Delegatsiyalar rahbarlari o‘zaro muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikning joriy holati va rivojlanish istiqboli yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Davra suhbati iqlim o‘zgarishi va boshqa holatlar bilan bog‘liq ekologik masalalar xususidagi turli fikr-mulohoza, takliflar bilan davom etar ekan, mavjud muammolarni hal etish global, mintaqaviy va milliy miqyosda kompleks sa’y-harakatlarni talab etishi ta’kidlandi. Ekologik xavf-xatar tobora keskin tus olayotgan bir davrda bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish SHHTga a’zo davlatlar uchun alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shu sababli keyingi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni institutsionallashtirish yo‘lida SHHT doirasida qator muhim ishlar amalga oshirilayotganiga urg‘u berildi.

– bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosining yo‘qolishi, yer tanazzuli kuzatilishi, suv resurslari kamayishi kabi global ekologik muammolar ko‘plab mamlakatlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda, – dedi Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi Atrof-muhitni tartibga solish va nazorat qilish qo‘mitasi raisi Zulfuxar Joldasov. – Shu munosabat bilan Toshkent uchrashuvida atrof-muhit monitoringi, bioxilma-xillik, tabiiy hududlarni asrash, iqlim o‘zgarishi oqibatini bartaraf etish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish muhokama qilinayotgani ayni muddao.

Yig‘ilishda tomonlar 2021 yil 17 sentyabr kuni Dushanbe shahrida SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida tasdiqlangan “SHHTga a’zo davlatlarning 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi”ni amalga oshirish yuzasidan ham fikr almashdi.

Kunning birinchi yarmida “SHHTning ekologik axborot almashinuvi uchun yagona platformasini birgalikda yaratish dasturi” qabul qilindi.

Tadbir so‘ngida tashkilotga a’zo davlatlar atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik, idoralari rahbarlarining 2023 yilda o‘tkaziladigan to‘rtinchi yig‘ilishi Hindistonda o‘tishi ma’lum qilindi.

Anjuman dasturiga ko‘ra, ishtirokchilar Innovatsion rivojlanish vazirligida bo‘ldi, Yangi O‘zbekiston bog‘i bilan yaqindan tanishdi.

SHHTga a’zo davlatlar atrof-muhitni muhofaza qilish uchun mas’ul mutasaddilarning Toshkent uchrashuvi mamlakatimiz olib borayotgan faol ekologik diplomatiyaning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi, deyish mumkin.

Ulug‘bek MAHMIRZAEV, O‘zA muxbiri