Har bir mamlakat rivojida xalqaro hamkorlik, do‘st, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan strategik sheriklik aloqalari muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston bu borada eng yaqin qo‘shnilari jamlangan Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini tobora rivojlantirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Turkmaniston poytaxti Ashxobodda tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining birinchi parlamentlararo forumidagi ishtiroki davomida mazkur mamlakatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya parlamenti delegatsiyasi rahbarlari so‘zga chiqqan forumda O‘zbekiston Senati raisi T.Norboyeva nutq so‘zladi.

Senat raisi keyingi 30 yil davomida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya bilan munosabatlari barqarorlashib borayotganini qayd etdi. O‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari jadal rivojlanib borayotir. Turli darajadagi delegatsiyalarning tashriflari doimiy tashkil etilmoqda.

Mintaqa davlatlari va Rossiya O‘zbekiston uchun nafaqat qo‘shni, balki vaqt bilan sinalgan, juda yaqin do‘stlardir.

Hamkorligimiz ochiqlik, o‘zaro ishonch, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida izchil kengayib bormoqda.

– O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari va Rossiya bilan o‘zaro hamkorligi strategik sheriklik, qator mamlakatlar bilan esa ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan, davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi buning uchun, shubhasiz, asos bo‘lib xizmat qilmoqda, – dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. – Hozirgi zamondagi tahdidlar va og‘ir sharoitlarga qaramay biz ko‘p qirrali hamkorligimizni kengaytirishning yangi yo‘llarini topishga muvaffaq bo‘lyapmiz.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirishda parlamentlarning ko‘magi juda muhim. Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida o‘zaro savdodagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan, iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga ko‘maklashadigan zarur huquqiy bazani yaratish zarur.

Gumanitar, yoshlar bilan bog‘liq aloqalarini mustahkamlash, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, pandemiyadan keyingi barqaror tiklanish bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonning qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish amaliyotini davom ettirishdan, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdorligi yana bir bor tasdiqlandi.

Forum doirasida Turkmaniston poytaxtida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya ayollari muloqoti tashkil etildi. Uning ishida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Muloqot doirasida ishtirokchilar bugungi kunning dolzarb masalalarini hal etishda xotin-qizlar tashkilotlarining rolini kuchaytirishga e’tibor qaratdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya ayollari muloqoti mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga, xalqlar o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro tushunishni mustahkamlashga, gender tenglikni targ‘ib qilishga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Rossiya ayollari huquqlari, pozitsiyasi va imkoniyatlarini mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

Tashrif davomida Senati raisi T.Norboyeva Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda keyingi yillarda yangi amaliy mazmun bilan boyitilayotgan O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarining ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida parlamentlararo muloqotni faollashtirishga kelishib oldi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Orqadog‘, Turkmaniston Milliy Gengeshi Xalq Maslahati raisi G.Berdimuhamedov bilan ham uchrashdi. Unda tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligi jadallashib, ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi, mushtarak tarixi va madaniyati hamda an’analariga asoslangan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Orqadog‘ O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi. Ularda mamlakatlarimiz ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilish imkoniga ega. O‘zaro hamkorlikning ushbu mintaqaviy mexanizmi dolzarb ekanini vaqtning o‘zi isbotladi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi ayollari muloqotining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy taraqqiyotdagi xotin-qizlarning roliga bag‘ishlangan majlisi ham bo‘lib o‘tdi.

Forum ishtirokchilari xotin-qizlar o‘rtasidagi konstruktiv aloqalarni mustahkamlash, gender tenglik va xotin-qizlarning davlat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha loyiha va dasturlar ishlab chiqish masalalarini, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya parlamentlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va muloqotni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildi.

T.Norboyeva mazkur majlisda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayollar va qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar tashabbuskori ekanini alohida ta’kidladi. Shu tufayli O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Forum doirasida Senat raisi Tanzila Norboyeva Turkmaniston Milliy Gengeshi Mejlisi raisi Gulshat Mammedova bilan ham uchrashdi.

Muloqotda savdo-iqtisodiy sohadagi aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi besh barobar oshdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, 2021 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 65 foizga oshdi.

“Ishonchim komil, mazkur parlamentlararo forum nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa o‘rtasidagi strategik munosabatlarni mustahkamlashning yana bir muhim platformasiga aylandi. Chegaraoldi hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston hududlari forumini har yili o‘tkazish iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun harakatlantiruvchi omil bo‘ladi”, – dedi Tanzila Norboyeva.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 200 mingdan ortiq turkman millatiga mansub fuqaro istiqomat qiladi. Ular uchun ona tili, milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun bundan keyin ham barcha shart-sharoitlar yaratiladi.

Senat rahbari madaniyat va kino kunlarini, teatr va musiqa jamoalarining gastrollarini, ilmiy hamjamiyat vakillarining uchrashuvlarini va shu kabi boshqa tadbirlarni birgalikda o‘tkazishni taklif etdi.

Forum yakuni bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya ayollari muloqoti deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjatda mazkur davlatlarning tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida erishgan yutuqlari qayd etilgan.

Xotin-qizlarning bunyodkorlik va tinchlikparvarlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishning samarali yo‘llarini ishlab chiqish Ayollar muloqotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.

2022 yilga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo ayollari muloqoti Harakatlari rejasi ham imzolandi.

 

N.Abduraimova, O‘zA