Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari siyosiy partiyalarining “O‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlanish yo‘lidan qat’iy borish: siyosiy partiyalarning vazifasi va mas’uliyati” mavzusidagi uchinchi forumi videkonferens aloqa shaklida o‘tkazildi.
Mazkur anjuman joriy yil 25 yanvar kuni diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida erishilgan kelishuvga muvofiq tashkil etildi.
Tadbirda Xitoy Kommunistik partiyasi, Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari va siyosiy partiyalaridan 60 ga yaqin delegat qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, parlamentlararo hamda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi aloqalar jadal tus olmoqda, har tomonlama strategik sheriklik yanada mustahkamlanmoqda.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlik natijalariga, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan mintaqaviy tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. Ko‘p qirrali hamkorlikka oid dolzarb masalalar, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov mamlakatimizning Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p tomonlama strategik munosabatlari, xususan, parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Anjumanda yurtimizdagi beshta siyosiy partiya vakillari ham qatnashib, ma’ruza qildi.
Ishtirokchilar fikricha, ushbu forum yer yuzining salmoqli qismini egalllagan davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy-ma’rifiy aloqalar rivojini yangi pog‘onaga ko‘taradi. Jumladan, parlamentlar faoliyatida qonun ijodkorligini takomillashtirishga xizmat qiladi, hujjatlarni yanada mukammal ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi, partiyalararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi. Siyosiy partiyalarning o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga kirishish mexanizmini shakllantirishga yordam beradi.
Onlayn uchrashuvda Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlarini yanada yaqinlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Forum yakunida tomonlar uchun dolzarb va muhim bo‘lgan masalalarga doir umumiy yondashuvlar bayon qilindi, takliflar bildirildi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA muxbiri