Poytaxtimizdagi “Humo arena” majmuasida Navroʻz bayrami tantanalari boʻlib oʻtdi.

Tabiat uygʻondi. Borliq eng nafis matoning oq va yashil tusidan libosga burkangan Onaga oʻxshaydi. Mevali daraxtlar oppoq boʻlib gulladi. Qirlar etagida jildirayotgan ariqchalar hayot qoʻshigʻi kuylaydilar.

Bani bashar koʻklamoyim sururidan yashnab, yasharib, inson ruhiyatida yangilanishlar, yaxshiliklar, ezguliklar suron solib turganda olamga omonligidan jar solib Navroʻz kirib keldi. Navroʻz oʻz etaklarida el ardoqlaydigan omonlik, tinchlik, xotirjamlikni ola keldi. Qiru adirlar yam-yashil maysalar bilan qoplangan, atrofni qushlar chugʻuri-yu anvoyi gullar, giyohlar ifori tutgan.

21-mart. Azim poytaxtimiz markazidagi muhtasham “Humo arena” majmuasi bayramona bezatilgan. Navroʻzga xos anʼanalarimiz, xalq oʻyinlari, dor tomoshalari tashkil etilgan. Soʻrilardagi dasturxonlarga bahoriy taomlar tortilgan.

Karnay-surnay sadolari yangrab, bayram boshlanayotganidan darak beradi.

…Asosiy sahna turfa chiroqlar, rango-rang tasvirlar bilan muhtasham majmuani yanada salobatli koʻrsatadi. Bu yerga senatorlar va deputatlar, hukumat aʼzolari, fan, madaniyat, sanʼat, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilgʻorlari, tadbirkorlar, piru badavlat otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari tashrif buyurgan.

Tantana ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi.

Davlatimiz rahbari barchani Navroʻz bayrami bilan tabrikladi.

Navroʻz insoniyatning oʻzi qadar qadimiy va boqiy bayramlardan. Ayni paytda bu bayram Yer yuzida katta shodiyona, xursandchilik ila qarshi olinadi. BMT Bosh Assambleyasining 2010-yil 23-fevraldagi rezolyutsiyasi bilan 21-mart – butun dunyoda Xalqaro Navroʻz kuni sifatida nishonlanadi.

Dunyoda shuncha milliy bayramlar boʻlaturib, nima uchun aynan xalqimizning sharqona yangi yili – Navroʻz milliy sarhadlardan chiqib, dunyo bayramiga, umumbashariy qadriyatga aylandi? Chunki Navroʻz hamma davrda tinchlik, totuvlik, doʻstlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbat ifodasi boʻlib kelgan. Ajdodlarimiz ming yillardan beri bu kunni ezgulik, bagʻrikenglik va tenglik ifodasi sifatida nishonlab kelganlar.

Navroʻzda tabiatda roʻy beradigan uygʻonish va yangilanish yurtimizdagi oʻzgarishlarga uygʻun. Soʻnggi besh yilda Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalar rivojlantirildi, hududlar qiyofasi yangilandi.

Bunday ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilda Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi hamda Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili dasturi qabul qilindi.

– Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulugʻvor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda, – dedi davlat rahbari.

Buning tasdigʻini har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlarimiz misolida yaqqol koʻrish mumkin. Yurtimizda yuzlab zamonaviy korxonalar, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlari, uy-joylar, yangi bogʻcha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda.

Barcha hududlarda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida, butun mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda odamlar hasharlar qilib, koʻchat va gullar ekib, yangi bogʻlar, sayilgohlar yaratmoqda. Aytish mumkinki, ayni paytda butun mamlakatimiz bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.

Prezident oʻz tabrigida Navroʻzning mohiyati, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida alohida toʻxtaldi.

– Navroʻzi olam bizni tabiat farzandi boʻlib, Vatan tuprogʻini, ona zamindagi har bir giyohni, koʻzimizga toʻtiyo qilib yashashga oʻrgatadi. Navroʻz hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik fanidan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Bugungi murakkab dunyoda xalqimiz hayotini, farzandlarimiz kelajagini, musaffo osmonimizni asrab-avaylash uchun har birimiz masʼul va javobgar ekanimizni yanada chuqurroq his etamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari bayramda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillarini, chet ellardagi vatandoshlarimizni ham samimiy tabrikladi.

Shuningdek, 22-mart kuni nishonlanadigan Mahalla kuni munosabati bilan ushbu tizim faollari, oqsoqollar, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qutlandi.

Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan davom etdi.

…Ertamiz egalari boʻlgan bolalarning chiqishlari, ularning shoʻx-shodon kulgulari, mustaqil yurtning barkamol farzandlari ijrosidagi ona Vatanni, koʻklamni, baxtiyor bolalikni madh etuvchi jarangdor kuy-qoʻshiqlar, jozibador raqslar, taniqli xonandalar chiqishlari barchaga zavq-shavq ulashadi. Navroʻz, yoshlik va barkamollikning naqadar uygʻunligi koʻz oʻngingizda gavdalanadi.

Sahna ortidagi yirik monitorlarda yurtimiz tabiati, xalqimizning farovon hayoti, keyingi yillardagi bunyodkorlik ishlari aks etgan tasvirlar bayram ishtirokchilari qalbida erishgan yutuqlarimizdan faxrlanish va mamnuniyat tuygʻularini joʻsh urdiradi…

Bu yilgi Navroʻz tantanalarida ham badiiy-folklor va etnografik jamoalarining chiqishlariga keng oʻrin berildi. Har bir hududning rang-barang anʼanalari, laparu oʻlanlari ijro etildi.

Ushbu tantanadan soʻng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navroʻz saylida ishtirok etdi, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.

Navroʻz mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Sayilda ana shu ahillik, yurtimizdagi millatlararo doʻstlik yaqqol namoyon boʻldi.

Prezidentimiz bayramga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.

Navroʻz sayillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, tuman, qishloq va ovullarda davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

OʻzA muxbiri