O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda so‘zlagan nutqi

Assalomu alaykum, aziz do‘stlar!

Hurmatli tibbiyot sohasi vakillari, yig‘ilish qatnashchilari!

Yurtimizda go‘zal bahor nafasi kezib yurgan mana shu yorug‘ kunlarda – Navro‘zi olam arafasida tibbiyot sohasining jonkuyar vakillari bo‘lgan siz, muhtaram yurtdoshlarimiz bilan diydor ko‘rishib turganimdan behad mamnunman.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

El-yurtimiz azaldan shifokorlarni inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga butun borlig‘ini bag‘ishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi. Chunki odamlar sizlarga o‘zlarining eng bebaho boyliklarini – hayotlarini ishonib topshiradi. Buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoning: “Inson dardiga darmon bo‘lmoq – olijanoblikning eng yuksak namunasidir”, degan so‘zlari ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Tub islohotlarimizning dastlabki kunlaridan boshlab biz xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlashga eng ustuvor vazifa deb qarab kelmoqdamiz. O‘tgan besh yilda bu borada katta ishlarni amalga oshirdik, ilg‘or xorijiy yutuqlarni o‘rganib, yetarli tajriba to‘pladik. Kelgusi besh yilda ham aholimizni sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirishni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining eng muhim yo‘nalishi sifatida belgilab oldik.

Bugun sizlar bilan sog‘liqni saqlash sohasining umumiy ahvoli, uni rivojlantirish masalalari, tizimdagi dolzarb muammolarni ochiq-oydin muhokama qilib, navbatdagi vazifalarni aniqlab olamiz.

Men har safar hududlarga borganimda, albatta tibbiyot maskanlariga kirishga, shifokorlar bilan uchrashishga harakat qilaman. Lekin sizlar bilan mana shunday keng davrada, ochiq muloqot shaklida birinchi marta ko‘rishib turibmiz.

Bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri diagnoz qo‘yib, ularning davosini topishga harakat qilishimiz zarur.

Tibbiyot shunday sohaki, unga daxldor bo‘lmagan insonning o‘zi yo‘q. Hammamiz ham issiq jonmiz, tibbiyot muassasalariga kunda-kunora murojaat qilmagan kishini topish qiyin.

Barchamizga ayonki, odam sog‘lom bo‘lmasa, unga ish ham, moddiy ne’matlar ham, hayot quvonchlari ham tatimaydi. Shu bois o‘z fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish, kuchli va samarali tibbiyot tizimini shakllantirish – xalqparvar davlatning eng asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Albatta, kasallikni kechikib davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan har tomonlama afzaldir. Imom Moturidiy hazratlarining: “Tiriklik qadriga sog‘liq paytingda yetgil”, degan so‘zlarida chuqur ma’no bor.

Yurtimizda har kuni yangi farzandlar tug‘ilmoqda. Aholimiz soni hozirgi vaqtda 35 milliondan oshdi.

Bu o‘z navbatida, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratishni, avvalo, tibbiyot sohasida olib borayotgan ishlarimizni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etadi.

Bu borada o‘tgan davrda ko‘p ishlarni amalga oshirib, salmoqli natijalarga erishdik. Lekin hali qator muammolar, kamchilik va nuqsonlar o‘z yechimini kutib turibdi. Shu sababli sohadagi vaziyatni tanqidiy tahlil qilib, mavjud muammolarni tizimli hal qilish vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman.

Hurmatli sog‘liqni saqlash xodimlari!

Sizlarga ma’lumki, oxirgi yillarda tibbiyot sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirildi. Jumladan, 2022 yilning o‘zida sohaga byudjetdan 24 trillion so‘m yoki 2016 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi. Shu davrda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablag‘lar jalb qilindi.

Bularning hisobidan tizimda nima o‘zgardi?

Eng avvalo, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tubdan o‘zgartirishga kirishdik. Bu borada o‘tgan yildan boshlab har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. 2021 yildan boshlab birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi vaqtda shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yo‘llari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni odamlarimiz ortiqcha sarson bo‘lmasdan, oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda.

Aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari qo‘shildi. Shuningdek, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy “UZI” va “EKG” apparatlari bilan ta’minlandi. Shu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan o‘tkazish boshlandi. Bularning barchasi, o‘z navbatida, sifatli tibbiy xizmatlarni “mahallagacha tushirish” bo‘yicha muhim qadamlar bo‘ldi.

Bundan tashqari, yuqori malaka va texnologiyalarni talab qiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lami ham kengaymoqda. Avvalambor, hududlarda 23 ta respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazining yuzdan ortiq filiallari o‘z faoliyatini boshladi. Natijada ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 210 turdagi operatsiya va diagnostika jarayonlarini mahalliy shifoxonalarda o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, 130 turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi besh yilda 200 turdagi yangi jarrohlik amaliyoti joriy etilgani, jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi respublikamiz shifoxonalarida yo‘lga qo‘yilgani ayniqsa e’tiborlidir. Misol uchun, poytaxtimiz va hududlarda o‘tkazilgan buyrak transplantatsiyasi orqali shu kungacha 700 ga yaqin fuqarolarimizning hayoti saqlab qolindi.

Hammangiz yaxshi bilasiz, avvallari har yili minglab yurtdoshlarimiz davo istab chet elga borishga majbur edi. Tasavvur qiling, odam o‘zi og‘ir kasal bo‘lsa, qancha vaqt, qancha mablag‘ sarflaganidan tashqari, jonini ham xatarga qo‘yib, begona yurtlarda sarson bo‘lib yurardi.

Endilikda yaratilgan yangi sharoit va imkoniyatlar hisobidan ilgari xorijda bajarilgan qimmat operatsiyalar o‘zimizning shifokorlar tomonidan amalga oshirilayotgani albatta katta yutuqdir.

Axir, bir odamni darddan xalos qilib, sog‘lig‘ini tiklasak, hayotga qaytarsak, bu – butun oilaning baxtini, kelajagini ta’minlash degani emasmi?

Xabaringiz bor, yaqin-yaqingacha ehtiyojmand aholining respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun “order” degan bir eski tizim bor edi. Ushbu “order”lar qog‘oz shaklida yuritilib, aksariyat hollarda tanish-bilishchilik asosida berib kelingani hech kimga sir emas.

Shu bilan birga, “order” uchun mablag‘lar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, uning miqdori yetarlimi yoki yo‘qmi, bundan qat’i nazar, har yili o‘tkazib kelingan. Oqibatda haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan. Biz bunday amaliyotdan to‘liq voz kechib, ehtiyojmand aholi uchun respublika tibbiyot markazlarida xizmat ko‘rsatishning ochiq va shaffof, yangi tizimiga o‘tdik.

Endi ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma haqiqiy ehtiyoji bor aholiga “elektron navbat” asosida berilmoqda. Eng muhimi, bu tizimga asosan mablag‘lar markazga emas, balki davolanishi zarur bo‘lgan aniq bemorga ajratilmoqda.

Misol uchun, ilgari tug‘ma yurak nuqsoni bor bolaga operatsiya uchun respublika markaziga 3 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Qolgan 20-30 million so‘mlik xarajatni esa ota-onasi ko‘tarishga majbur bo‘lgan. Endilikda esa, ushbu operatsiya uchun zarur mablag‘ davlat tomonidan to‘liq qoplanmoqda va har bir bemor uchun manzilli ajratilmoqda.

Tibbiyot tizimidagi eng katta o‘zgarishlardan yana biri – davlat shifoxonalari bilan birga xususiy meditsina ham rivojlanmoqda. Masalan, avval bunday xizmatlar faqat stomatologiya bo‘yicha ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozir xususiy klinikalar deyarli barcha yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda va ularning soni 8 mingtaga yetdi.

Xususiy tibbiyot uchun soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalarni qamrab olgan qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etildi. Natijada birgina soliq imtiyozlari hisobidan so‘nggi besh yilda xususiy sektor ixtiyorida 1,3 trillion so‘m mablag‘ qoldi.

Hamma sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyotda ham barcha masalalarni malakali kadrlar hal qiladi. Bu borada buyuk olim Gippokratning: “Tabobat – barcha ilm va hunarlar ichida eng qiyini va sharaflisi”, degan so‘zlari ayni haqiqatdir. Shu bois bugun tibbiy ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish, ularda chuqur bilim va malakaga, yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor beryapmiz. Misol uchun, so‘nggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning umumiy soni 14 taga yetkazildi, qabul kvotasi esa 4 barobar oshdi.

Hududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli ta’minlash maqsadida viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi, olis va chekka qishloqlarga ishga boradigan bitiruvchilar uchun “Qishloq shifokori” dasturini amalga oshirish boshlandi. Shuningdek, 1,5 ming nafar shifokorlar nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi.

Shu o‘rinda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab, bizga amaliy yordam berib kelayotgan va bugungi anjumanimizda ishtirok etayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya taraqqiyot banki, YUNISEF, YUSAID, KOVAKS, JAYKA, TIKA, KOYKA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya rivojlantirish jamg‘armasi va ko‘plab boshqa hamkor tashkilotlar vakillariga samimiy minnatdorligimni bildirmoqchiman.

Qadrli do‘stlar!

Biz bugungi muloqotni o‘tkazishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, ham shifokor, ham bemorlarning fikrlarini eshitdik.

Keng jamoatchilikdan, xalqaro ekspertlardan ko‘plab taklif va mulohazalar oldik. Tashkil etilgan “Call-markaz”ga 25 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushdi. Ularning orasida alohida ahamiyatga molik bo‘lgan yana bir muhim masala ko‘tarilgan bo‘lib, ijozatingiz bilan avvalo shu haqda to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu masala sog‘liqni saqlash tizimining huquqiy asoslarini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, millatimiz, xalqimizning genofondini saqlashni konstitutsiyaviy asosda alohida himoya qilinadigan sohaga aylantirish bilan bog‘liq.

Hammamizga ma’lumki, bugungi kunda inson va uning qonuniy manfaatlari hamda konstitutsiyaviy huquqlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlarning markaziga qo‘yilmoqda. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari jamiyatimizda oliy qadriyat hisoblanadi.

Amaldagi Konstitutsiyamizning 40-moddasida: “Har bir kishi malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan. Biz xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash sohasida ulkan maqsad va vazifalarni oldimizga qo‘yayotgan hozirgi sharoitda ushbu konstitutsiyaviy moddaning o‘zi yetarli emas.

Bugun zamon bizdan tibbiyot tizimimizning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlashni talab etmoqda. Shuning uchun Asosiy qonunimizda milliy sog‘liqni saqlash tizimini aholi salomatligini sifat jihatidan yaxshilashga xizmat qiladigan yuksak malakali zamonaviy sohaga aylantirish masalasi ham, hech shubhasiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan konstitutsiyaviy qoida sifatida o‘z ifodasini topishi zarur.

O‘zbekiston fuqarolari qonunda, eng avvalo, Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan kafolatli tibbiy yordam turlaridan bepul foydalanish huquqiga ega. Shu maqsadda biz turli tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish uchun konstitutsiyaviy asos yaratishimiz kerak.

Davlat hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatni anglagan holda, atrof-muhitni asrashga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart. Chunki sof va toza ekologik muhitsiz aholi sog‘lig‘i va millat genofondini saqlash haqida so‘z yuritishdan ma’no yo‘q. Bu haqda gapirganda, men avvalo, bugungi kunda ekologik ofatdan zarar ko‘rayotgan Orolbo‘yi mintaqasi haqida o‘ylayman.

Ayni vaqtda ekologiya sohasidagi huquq buzilishlari oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi kerak. Bu ham Bosh qomusimizda aniq-ravshan belgilanishi zarur.

Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlaydigan qoidani ham muhrlab qo‘yishimiz lozim.

Murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning 8 ming 400 tasi yoki 32 foizi shaxsiy masalalarga oid bo‘lib, bugunga qadar ularning 90 foizi hal qilindi. Qolganlari ham qisqa muddatlarda o‘z yechimini topadi.

Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari va aholimiz tomonidan kelib tushgan murojaatlarning 68 foizi yoki 17 mingtasi tizimli masalalar hisoblanadi. Misol uchun, ayrim tibbiyot muassasalari aholi uchun uzoq va noqulay joylashgan. 3 mingdan ortiq mahalla aholisi oilaviy shifokorlik punktiga borish uchun 10 kilometrdan 75 kilometrgacha yo‘l bosishga majbur bo‘lmoqda. Tibbiy xizmatlar aholi ehtiyojiga, hududlardagi odamlarning turmush tarziga, ma’lum bir kasalliklarning ko‘payishiga qarab belgilanmagan.

Masalan, Qashqadaryoda yurak-qon tomir kasalliklari birinchi o‘rinda bo‘lib, har yili kamida 10 foizga oshmoqda. Lekin kardiologlar shtati va shifoxona o‘rinlari soni so‘nggi 20 yilda o‘zgarmasdan kelmoqda.

Birlamchi bo‘g‘inda 70 foiz tibbiy asbob-uskunalar eskirgani tufayli ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati pastligicha qolmoqda. Shifokorlarning oylik maoshi ish natijasiga qarab emas, lavozim tarif setkasiga ko‘ra belgilangan. Ta’lim va amaliyot bir-biridan uzilib qolgan, tibbiyot oliygohlarida bitiruvchilarning aksariyatida ish faoliyati uchun zarur amaliy ko‘nikma yetishmaydi.

Mana shunday kamchilik va nuqsonlar sababli aholi tibbiyot tizimidan hali to‘liq rozi emas. Shuning uchun murojaatlarda keltirilgan masalalarni chuqur o‘rganib, ularni tizimlashtirib, 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Har bir band bo‘yicha aniq moliyaviy manbalar, texnik yechimlar va amaliy mexanizmlar belgilandi.

Birinchi yo‘nalish – murojaatlarning 55 foizi birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirish bilan bog‘liq.

Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Jizmon” mahallasi aholisi tibbiy xizmatlar uchun 48 kilometr masofani bosib, tuman markaziga borishga majbur bo‘lmoqda. Vobkentdagi 3 mingdan ziyod aholi yashaydigan “Bozor joyi” mahallasida oilaviy poliklinika mavjud emas. Olis va chekka hududlar aholisi oilaviy shifokor punktlarida vrachlar yetishmasligi sababli zarur tibbiy xizmatlar olish imkoniyati yo‘qligi haqida shikoyat qilganHaqiqatan ham, 56 ta tumandagi 243 ta olis va chekka mahallada 562 ta shifokor lavozimi vakant bo‘lib turibdi.

Yoki Mingbuloq tumanidagi 4 ta oilaviy shifokor punkti xodimlari har haftada 10 kilometrdan uzoq masofada joylashgan 15 ta mahalladagi 750 nafar bemorning uyiga borib, ularni ko‘rikdan o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Holbuki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, birlamchi tibbiy xizmat punkti 3 kilometr uzoqlikda yoki piyoda borilsa, 20 daqiqalik masofada joylashgan bo‘lishi kerak.

Shu bois joylarda fuqarolarimizga tez, qulay va sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Buning natijasida 85 foiz muammolarni birlamchi tibbiyot muassasalarida hal qiladigan tizim yaratiladi.

Avvalambor, joylarda poliklinikalar tarmog‘i yanada kengaytiriladi. Jumladan, 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yildan boshlab joylardagi poliklinika filiallari negizida 1 ming 100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi. Shu tariqa qariyb 1 million nafar aholi tibbiy xizmat bilan qamrab olinadi.

Shuningdek, 2 mingdan ziyod olis va chekka mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Ular orqali ushbu mahallalarda 4 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Xabaringiz bor, 2021 yildan boshlab boshqa joydan olis va chekka hududlarga kamida uch yil ishlab berish uchun kelgan shifokorlarga 30 million so‘m miqdorida bir martalik rag‘bat puli to‘lash, ularni xizmat uyi bilan ta’minlash yoki ijara to‘lovini byudjetdan qoplab berish tizimini joriy etgan edik.

Endi “Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi va 2022 yil 1 maydan boshlab olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy byudjetlardan qoplab beriladi. Bundan buyon olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi.

Yana bir masala – xabaringiz bor, iqlim va aholining turmush tarzi o‘zgarishi (kam harakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish) oqibatida dunyoda asab tizimi, yurak-qon tomir, diabet kasalliklari tobora ko‘payib bormoqda. Mamlakatimizda ham, afsuski, har yili shunday kasalliklarga uchragan yuz minglab bemorlar qayd etilmoqda. Lekin tuman kasalxonalarida bunday kasalliklar bo‘yicha yotib davolanadigan bo‘limlar yo‘qligi sababli bemorlar viloyat va respublika shifoxonalariga borishga majbur bo‘lmoqda.

Endi ana shu kasalliklar bo‘yicha aholining o‘zi yashayotgan joyda ixtisoslashgan tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi. Jumladan, 2022 yilda tuman markaziy shifoxonalaridagi o‘rinlarning 10 foizi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilib, byudjetdan moliyalashtiriladi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 20 foizga yetkaziladi.

Ikkinchidan, har yili 2 mingdan ziyod malakali shifokorlar pensiyaga chiqadi. Kelib tushgan murojaatlarda ularning 60 foizi o‘z faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan.

Birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida biz endilikda bunday tajribali shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beramiz. Buning uchun alohida klinika ochish talab etilmaydi, balki bu toifadagi shifokorlar o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga aholiga bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlari uchun to‘lov bosqichma-bosqich Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali beriladi. Ushbu tajribani dastlab Sirdaryo viloyatida boshlaymiz. Keyinchalik, zarur tayyorgarlikdan so‘ng, bu tajriba bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi.

Uchinchidan, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda statsionar tibbiy xizmatlar kunduzi soat 13.00 ga qadar ishlaydi. Shu sababli aksariyat aholi shifokor nazorati talab qilinmaydigan kechki davo olish uchun ham shifoxonaga yotishga majbur.

Bu borada, ya’ni birlamchi tizimda kunduzgi statsionarlar ish vaqtini uzaytirishni so‘rab, 500 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shu bois oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20.00 gacha uzaytiriladi. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralarning ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

To‘rtinchidan, aholimizning 11 million nafarini 18 yoshgacha bolalar tashkil etadi. Lekin, afsuski, aksariyat tuman va shaharlarda bolalar poliklinikasi mavjud emas. Oqibatda birlamchi bo‘g‘inda bolalarga manzilli va malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmagani uchun ularni davolash ixtisoslashgan shifoxonalar zimmasiga tushmoqda.

Aholining ko‘plab e’tirozlari ham poliklinikalarda bolalar uchun sharoit yo‘qligi bilan bog‘liq. Endi bu tizimni o‘zgartirish vaqti keldi. 2022 yil 1 maydan boshlab barcha ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda bolalar bo‘limi tashkil etiladi. 17 mingdan ziyod tibbiyot brigadalariga yana qo‘shimcha 8,5 mingta bolalar hamshirasi va doya (akusher) shtatlari beriladi. Ular onalarga bolalarning sog‘lom bo‘lib dunyoga kelishidan tortib, voyaga yetguniga qadar to‘g‘ri parvarish qilishni o‘rgatadi.

Bolalar uchun profilaktik ko‘riklar dasturi qayta ko‘rib chiqilib, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pediatr, stomatolog, endokrinolog, ortoped kabi eng zarur mutaxassislar tomonidan manzilli ko‘rikdan o‘tkazish tizimi joriy qilinadi.

Ma’lumki, 2021 yildan boshlab bolalar uchun ovqatni boyitadigan qo‘shimchalar, vitamin A va gijjaga qarshi antigelmint preparatlarni bepul berish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ishlarni davom ettirgan holda, 2022 yil 1 iyuldan boshlab 3-15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatiladi. Bu orqali kelgusi besh yilda bolalarda buqoq, kamqonlik kasalliklarini 30 foizga kamaytirish, ularning aqliy va jismoniy sog‘lom rivojlanishi uchun katta asos yaratiladi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda 60 milliard so‘m yo‘naltiramiz.

Yana bir masala – bolalarga birlamchi bo‘g‘inda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni yuqori texnologik amaliyotlar bilan bog‘lash zarur. Bu borada Respublika ixtisoslashgan pediatriya markazida genetik laboratoriya hamda uning 13 ta hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Ushbu laboratoriya bolalar orasida nogironlikka olib keluvchi, jumladan, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha genetik tekshiruvlar o‘tkazadigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi. Buning uchun 15 million dollar jalb qilinadi.

Shuningdek, respublikamizda spinal mushak atrofiyasi diagnozi qo‘yilgan bemor bolalarga zarur dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimi joriy etiladi. Bunga har yili 110 milliard so‘m ajratiladi.

Shu bilan birga, respublikamiz bo‘yicha 46 ta tumanlararo perinatal markazlar tashkil etilib, ularda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Hammamizga ayonki, farzand – bu hayot quvonchi, avlod davomchisi. Dunyoga kelayotgan har bir go‘dakning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, onalik va bolalikni himoya qilish uchun biz bundan buyon ham barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Beshinchidan. Ma’lumki, xususiy tibbiyot uchun soliq imtiyozlari va subsidiyalarni qamrab olgan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilgan.

Xususiy klinikalardan tushgan ko‘plab murojaatlarda xorijdan olib kelinadigan tibbiyot uskunalari va buyumlari, ehtiyot va butlovchi qismlar, sarflov materiallariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish so‘ralgan. Bu masalaning muhimligini e’tiborga olib, joriy yil 1 apreldan boshlab tibbiyot tashkilotlari tomonidan chet eldan olib kiriladigan tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025 yil 1 yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi.

Murojaatlarda, shuningdek, xususiy klinikalarga malakali mutaxassislarni jalb etishda O‘zbekistonda ishlash ruxsatnomasi uchun 700 mingdan 40 million so‘mgacha to‘lov mavjudligi ko‘rsatilgan. Ushbu talab hatto qisqa muddatda yuqori texnologik operatsiyalar hamda shifokorlarga “master-klass” o‘tkazishga taklif etilgan mutaxassislarga ham qo‘llangan.

Bundan tashqari, xususiy klinikalar mamlakatimizga tibbiy turizm orqali davolanishga kelgan xorijiy fuqarolar uchun “turizm yig‘imi” to‘lashga majbur.

Ushbu muammolarga to‘g‘ri yechim topish uchun 2022 yil 1 apreldan boshlab xorijiy shifokorlarga O‘zbekistonda ishlash ruxsatnomasini berish bo‘yicha to‘lovlar miqdori keskin kamaytiriladi, xususiy klinikalardan “turizm yig‘imi” undirish bekor qilinadi. Xususiy tibbiyot muassasalari uchun litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablari tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Bir narsani aniq tushunish zarur. Tibbiyotda sog‘lom raqobat bo‘lsagina, aholiga xizmat ko‘rsatish sifati oshadi, eng asosiysi, odamlarimiz rozi bo‘ladi. Shuning uchun sohaga xususiy sektorni faol jalb etish, ularga tizimning ajralmas qismi sifatida o‘ng ko‘z bilan qarash kerak. Bunda xususiy tibbiyotni rivojlantirish uchun faqat soliq va bojxona imtiyozlari, arzon kreditlar berishning o‘zi yetarli emas. Ularga davlat shifoxonalari bilan teng sharoitlarda ishlash uchun imkoniyat yaratish kerak. Bu muhim masalada sog‘liqni saqlash tizimi va hudud rahbarlari o‘z yondashuvlarini o‘zgartirishi zarur.

Aytingchi, qaysi viloyat, tuman va shahar hokimlari, sog‘liqni saqlash mutasaddilari o‘z hududida yangi tibbiyot muassasasi qurish yoki yangi bir tibbiy jihoz olishdan avval o‘sha yerdagi mavjud xususiy klinikalar imkoniyatini o‘rganib ko‘rgan?

Afsuski, biron-bir hudud yoki sohada bunday tahlil ham, yondashuv ham yo‘q. Shuning uchun davlat va xususiy tibbiy xizmatlarni yagona tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Ochiq aytish kerak, ko‘plab xususiy klinikalardagi sharoit, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati davlat shifoxonalaridan ancha oldinga o‘tib ketgan. Bundan faqat xursand bo‘lishimiz kerak.

bugungi kunda minglab ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarimiz davlat shifoxonalarida bepul ixtisoslashgan tibbiy xizmat olish uchun navbat kutmoqda.

Bundan buyon aholi imtiyozli yo‘llanma bilan nafaqat davlat shifoxonalariga, balki o‘zi tanlagan xususiy klinikalarga ham bemalol borishi mumkin bo‘ladi. Davolanish uchun ajratilgan mablag‘ esa bemorning ortidan boradi.

Takror aytaman – biz uchun tibbiyot maskanining mulk shakli muhim emas. Eng asosiy maqsadimiz – odamlarimizning sog‘lig‘ini asrash, ularning dardiga darmon bo‘lishdan iborat.

Oltinchidan, aholini arzon, sifatli dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan uzluksiz ta’minlashimiz kerak. Bu borada fuqarolarimizdan 550 ta murojaat kelib tushgan.

Umuman, mamlakatimizda eng zarur bo‘lgan dori-darmon vositalari narxini kamida 30 foizga arzonlashtirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘ramiz. Buning uchun kelgusi besh yilda dori-darmon va tibbiyot vositalari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshirilib, mahalliy dori vositalari bilan ta’minlash darajasi 80 foizga yetkaziladi.

Bu maqsadlarga erishish uchun milliy farmatsevtika tarmog‘i har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Jumladan, mahalliy korxonalar uchun yangi dori vositalarini qayta-qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Endi xalqaro standartga ega korxonalarga mahsulotlarning har bir seriyasini majburiy sertifikatlash talab etilmaydi.

O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan yangi turdagi ijtimoiy muhim dorilarni 3 yil davomida kafolatli xarid qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Farmatsevtika korxonalari uchun texnologik va laboratoriya uskunalari, butlovchi qismlar importiga bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar yana uch yilga uzaytiriladi.

Yana bir masala – an’anaviy tibbiyot bilan birga, xalq tabobatini rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratamiz.

Bir narsani yaxshi tushunishimiz lozim. Xalq tabobatining ustunligi – kasalliklarni davolashda kimyoviy qo‘shimchalari bo‘lmagan tabiiy dorivor giyohlarni keng qo‘llashdir. Mamlakatimizda bunday dorivor o‘simliklarning 577 ta turi aniqlangan bo‘lib, ularni tabiblarimiz asrlar davomida qo‘llab kelgan va samarasini amalda isbotlab bergan.

Xalq tabobatining sinalgan usullarini zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish orqali davolash tizimi natijadorligini yanada oshirish mumkin. Shu bois 2022 yilda samarasi isbotlangan dorivor o‘simliklar tibbiy yordam ko‘rsatish standartlari va protokollariga bosqichma-bosqich kiritiladi.

Barcha tibbiyot oliygohlari va texnikumlarda, hududiy Xalq tabobati markazlarida soha uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi joriy qilinadi. Barcha hududlarda Ibn Sino markazlari tashkil etilib, ular tomonidan maktab, litsey, kollej, texnikum va oliygohlarda xalq tabobati va sog‘lom turmush tarzini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Har bir poliklinikada xalq tabobati xonalari, fitobarlar tashkil etiladi. Dorixonalarda dorivor vositalar burchagi bo‘lishi litsenziya talabi sifatida kiritiladi. Tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 o‘rinli davolash bo‘limi va hududlarda filiallari ish boshlaydi.

Shu o‘rinda yana bir fikrni aytib o‘tish joiz. Biz jamiyatimizda zamonaviy meditsina va xalq tabobati bir-biriga raqobatchi yoki dushman emas, balki yaqin hamkor degan muhim tushunchani shakllantirishimiz kerak.

Qanchadan-qancha mashhur tabiblar dunyodan o‘tib ketyapti. Afsuski, ular bilan birga ularning ilmi va tajribasi ham yo‘qolib ketyapti. Shu bois xalq tabobatini keng targ‘ib etish, jumladan, “Ibn Sino merosi bilimdonlari” tanlovlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Ikkinchi yo‘nalish – inson hayotini saqlab qolishda tezkor, aniq va o‘ta malakali harakatlar talab qilinadigan soha, bu – albatta tez tibbiy yordam tizimidir.

Misol uchun, o‘tkir yurak infarkti yoki insultda dastlabki 1 soatda ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam ham inson hayotini saqlab qolishga, ham kelgusidagi og‘ir asoratlarni kamaytirishga xizmat qiladi. Lekin bu sohada ham ko‘plab muammolar borligini 1 mingdan ziyod murojaatlar ko‘rsatmoqda.

Birgina misol. Kasbi tumani tez tibbiy yordam bo‘limi haydovchisi Yusupov, G‘ozg‘on bo‘limi feldsheri Nabiyev tez tibbiy yordam mashinalari eskirib, xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, joylarda reanimatsiya mashinalari yetishmasligini bildirgan. Umuman, 200 dan ortiq tez tibbiy yordam stansiyalaridagi 3 mingga yaqin mashinaning 75 foizi “Damas” avtomobillari bo‘lib, ularning 670 tasi eskirgan yoki ta’mirtalab ahvolda.

Yoki bugungi kunda bir tuman yoki viloyatdagi tez tibbiy yordam xizmati, masofasi yaqin bo‘lsa ham, boshqa hudud aholisiga xizmat ko‘rsatishi mumkin emas. Misol uchun, Buxoro tumani “Sohibkor” mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi tez tibbiy yordam punkti 19 kilometr uzoqlikda joylashgan va yetib borish vaqti kamida 25 daqiqani tashkil etadi. Vaholanki, 8 kilometrda joylashgan Vobkent tumani tez tibbiy yordam punktidan ushbu mahallaga 10 daqiqada yetib borsa bo‘ladi.

Tez tibbiy yordam brigadasining kechikib kelishi bo‘yicha Xalq qabulxonalariga 2021 yilning o‘zida 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan. Shu bois tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun alohida dastur qabul qilinadi.

Eng avvalo, “103” tez tibbiy yordam xizmati respublika, viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi. Endi Toshkent shahri tajribasi asosida har bir viloyatda tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashgan boshqaruv tizimi joriy etiladi.

Yangi tashkil etiladigan dispetcherlik markazlari chaqiruvlarni bemorning  ahvoli, kasallik turi va darajasiga qarab saralaydi hamda shunga asosan tegishli tibbiy brigadalarni yo‘naltiradi.

Bundan buyon tez tibbiy yordam tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, tuman markazidan 50-80 kilometr uzoqlikda joylashgan 24 ta aholi punktida alohida tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi. Ular barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar va tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta’minlanadi.

2022-2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Xususan, 2022 yilda – 890 ta, 2023 yildan boshlab esa, har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimatsiya mashinalari olib beriladi. Natijada kelgusi uch yilda tez tibbiy yordam avtoparki to‘liq yangilanadi. Bu maqsadlar uchun 65 million dollar jalb qilinadi.

Ushbu choralar evaziga tez tibbiy yordamda chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobar qisqaradi.

Uchinchi yo‘nalish – so‘nggi besh yilda 9 trillion so‘m hisobidan 2 mingga yaqin tibbiyot muassasasi qurilib, ta’mirlandi. Shuningdek, 500 million dollar sarflanib, 2 ming 500 ta muassasa zamonaviy tibbiy texnika va asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Lekin ichimlik suvi, isitish tizimi bo‘lmagan, elektr ta’minoti yaroqsiz mingdan ziyod tibbiyot muassasalari mavjud. Sog‘liqni saqlash maskanlarining sharoitidan norozi bo‘lib, 700 dan ziyod murojaat kelib tushgani ham buni tasdiqlaydi.

Shu bois tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan alohida dastur amalga oshiriladi. Bunda, eng avvalo, 182 ta oilaviy shifokor punktida ichimlik suvi tarmog‘i, 450 dan ortiq muassasada isitish, 650 tasida elektr tizimi to‘liq ta’mirlanadi.

Shular qatorida 1 ming 100 ta tibbiyot muassasasi qayta qurilib, jihozlanadi. 227 ta tug‘ruq komplekslari ta’mirlanib, ularga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, 39 ta bolalar shifoxonasining holati va ulardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilanadi. Bu ishlarga 6 trillion so‘m mablag‘ jalb qilinadi.

Shuningdek, tuman va viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun moliyalashtirish manbalari ham kengaytiriladi. Jumladan, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kafolatlangan tibbiy xizmat turlariga kirmaydigan boshqa yangi xizmat turlarini pullik asosda tashkil qilishga ruxsat beriladi. Bunda pullik xizmatlardan kelib tushgan mablag‘larning 75 foizgacha bo‘lgan qismi malakali tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Tibbiyot muassasalariga beg‘araz yordam doirasida berilgan tibbiy texnika va asbob-uskunalardan pullik xizmatlar ko‘rsatishda foydalanish bo‘yicha mavjud taqiq bekor qilinadi. 1 iyuldan boshlab viloyat kardiologiya, oftalmologiya, urologiya, travmatologiya, teri-tanosil kasalxonalarida koyka o‘rniga qarab emas, balki bemorning “davolangan holatidan kelib chiqib” moliyalashtirish tartibi joriy qilinadi va ushbu shifoxonalarga to‘liq moliyaviy mustaqillik beriladi.

Boshimizdan kechirgan og‘ir pandemiya sinovi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatiga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish zarurligini ko‘rsatdi. Shuning uchun ushbu tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 165 million dollarlik dastur amalga oshiriladi. Bunda 2022 yil 1 maydan boshlab sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati uchun tumanlarda 11 ta yangi bino barpo etiladi, 190 ta bino rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirlanadi. Hududiy laboratoriyalardagi eskirgan 9 mingta asbob-uskuna to‘liq yangilanadi.

Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Zamonaviy tibbiyotda kasallikni aniqlash, diagnoz qo‘yish, davolash bilan bog‘liq barcha jarayonlarni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois birlamchi bo‘g‘indan boshlab tibbiyotning barcha sohalarini raqamlashtirish va IT infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi.

Misol uchun, hozirgi vaqtda shifokorlar ish kunining yarmini faqat qog‘oz hujjatlarni to‘ldirish bilan o‘tkazadi. Dastur doirasida joriy yilda 16 mingta va 2023 yilda yana 13 mingta kompyuter xarid qilinib, barcha tibbiyot muassasalari to‘liq jihozlanadi.

Sog‘liqni saqlash xodimlari IT texnologiyalari va zamonaviy tibbiyot uskunalarida ishlashga tizimli o‘rgatiladi. Buning uchun 2022 yilda – 20 ming nafar, kelgusi yillarda yana 100 ming nafar shifokor va hamshiralar IT park va markazlarda manzilli o‘qitiladi.

Shuningdek, respublikadagi mavjud 11 ta tibbiyot oliygohi, 27 ta kollej va 47 ta texnikumda “raqamli tibbiyot” bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Hurmatli shifokorlar!

Yuqoridagi yangi reja va tashabbuslarning barchasi tibbiyot sifatini oshirish, aholiga qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Buning uchun biz barcha zarur choralarni amalga oshiramiz. Lekin ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, malakali tibbiy xizmatlarni har bir xonadongacha olib kirish bevosita sizlarga – tibbiyot xodimlariga bog‘liq.

Agar biz tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnatiga yarasha munosib sharoit yaratib bermasak, ularning jamiyatdagi obro‘-e’tibori va nufuzini oshirmasak, shifokorlar, hamshiralar o‘z ishidan manfaatdor bo‘lmasa, islohotlarimiz kutilgan natijani bermaydi. Shu bois to‘rtinchi yo‘nalishдaги chora-tadbirlar bevosita tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq.

Bu borada, eng avvalo, sog‘liqni saqlash xodimlarini moddiy rag‘batlantirish yanada kuchaytiriladi. Ushbu masala yuzasidan siz, hurmatli tibbiyot sohasi vakillari tomonidan 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Lekin aslida ular 500 mingdan ziyod barcha tibbiyot xodimlarining taklif va istaklarini ifoda etadi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Barchangizga ma’lum, byudjet xodimlarining maoshini har yili oshirib boryapmiz. Bu yil ham byudjet tashkilotlari qatorida tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham kamida 10 foizga oshirishni reja qilganmiz. Bunga qo‘shimcha ravishda soha vakillarining mashaqqatli mehnatini yanada rag‘batlantirish maqsadida joriy yil 1 iyundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab, yana 15 foizgacha oshiriladi. Yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Bundan tashqari, Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yiliga 1,5 trillion so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi. Yangi ish boshlagan jonkuyar shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.

Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsam, misol uchun, hozirgi kunda oliy toifali shifokor 4 million so‘m maosh olsa, endi ish haqining oshishi va yangi ustamalar hisobidan u 8-9 million so‘mgacha maosh olishi mumkin bo‘ladi. Hamshiralar esa hozirgi 1,5 million so‘m o‘rniga, toifasi va erishgan natijalariga qarab, 3-4 million so‘mgacha oylik olishi mumkin.

Yana bir masala – davolash va laboratoriya hamshiralari, sanitar xodimlar, rentgenolog, ftiziatr, infeksionist, virusolog, stomatolog kabi alohida mehnat sharoitida ishlaydigan 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari bir yilda ikki marta o‘z yonidan pul to‘lab, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Bu qanchalik adolatli?

Ushbu masalada ham 720 ta murojaat kelib tushgan.

O‘z sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, bemorlar dardi bilan yashayotgan tibbiyot xodimlarining salomatligi haqida avvalambor davlat o‘ylashi kerak emasmi?

Shuning uchun 2022 yil 1 maydan boshlab barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko‘rik bepul o‘tkaziladi. Qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlari gepatit “B” kasalligiga qarshi bepul emlanadi.

Bundan buyon tibbiyot xodimlari uchun mazkur xarajatlar to‘liq byudjetdan qoplanadi va bunga har yili kamida 100 milliard so‘m ajratiladi.

“Inson qadrini ulug‘lash va shifokor mehnatini qadrlash” tamoyili asosida har yili ming nafar bemor shifokorlar, ayniqsa, sohada bir umr mehnat qilgan faxriylarga yuqori texnologik operatsiyalar davlat hisobidan bepul o‘tkaziladi.

Ta’kidlash joizki, joylarda tibbiyot sohasi vakillariga, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatish (tajovuz) holatlari ham uchrab turibdi. Shifokorga qo‘l ko‘tarish, uni so‘kib, haqorat qilish bizning insof-diyonatli, oqko‘ngil, mehr-oqibatli xalqimizga munosibmi? Bu bizga mutlaqo yarashmaydigan holatdir.

Endi tibbiyot xodimlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashgan, ularning ishiga to‘sqinlik qilgan hamda tajovuz ko‘rsatgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

O‘zbekistonda “qonun – ustuvor, jazo – muqarrar” ekanini hech kim esidan chiqarmasligi kerak.

bugungi anjumanda yana bir muhim masalani alohida aytmoqchiman. Taniqli olimlar va xalqaro ekspertlarni jalb qilib, Sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqishning vaqti-soati keldi. Bu muhim hujjatda tibbiyot xodimlari hamda bemorlarning huquq va majburiyatlari ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi, tibbiyot xodimlarining huquqiy himoyasi kuchaytiriladi, fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga e’tibori va mas’uliyatini oshirish mexanizmlari joriy etiladi.

Beshinchi yo‘nalish – sog‘liqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash bilan bog‘liq.

bugungi kunda respublikamiz tibbiyot muassasalarida 8 mingga yaqin tor sohadagi mutaxassislar hamda birlamchi tibbiyot muassasalarida 3 mingdan ziyod oilaviy shifokorlar yetishmaydi. Ayniqsa, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida shifokorlarga ehtiyoj ancha yuqori. Shuningdek, tizimdagi shifokorlarning 45 foizi, hamshiralarning esa 40 foizi malaka toifasiga ega emas.

Shifokorlarni malaka oshirish kurslari bilan qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 25 foizni tashkil etadi.

Mavjud ahvolni o‘nglash uchun tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Buning uchun 2022/2023 o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib maqsadli oshirib boriladi. Ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlari 4 barobar oshiriladi. 11 ta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi bo‘yicha maqsadli o‘qitish dasturi amalga oshiriladi.

Shuningdek, bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura ta’lim tizimi takomillashtiriladi. Xususan, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari ehtiyoj yuqori bo‘lgan muhim yo‘nalishlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqiladi, o‘quv rejalari va dasturlar, talabalarning bilimini baholash tizimi xalqaro standartlarga moslashtiriladi, 11 ta tibbiyot oliygohida alohida o‘quv markazlari tashkil etilib, ular zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlanadi. Buning uchun 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5-6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga yo‘llanma asosida birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi. Bu orqali har yili 7 mingga yaqin talaba ish haqi olib, ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Amaliyot davrida yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilgan talabalarga o‘qishni boshqa turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha davom ettirishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, soha uchun ilg‘or meditsinani chuqur tushunadigan, axborot texnologiyalari va chet tillarini yaxshi biladigan, boshqaruv qobiliyatiga ega bo‘lgan zamonaviy tibbiyot menejerlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratamiz.

Yana bir muhim masala – xorijdan nufuzli mutaxassislar jalb qilinib, tibbiyot sohasida malaka oshirish tizimi mutlaqo yangi yondashuvlar asosida to‘liq o‘zgaradi. Bunda 11 ta tibbiyot oliygohida malaka oshirish va qayta tayyorlash fakultetlari, 23 ta ixtisoslashgan markazlarda maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Shuningdek, yirik va nufuzli xususiy shifoxonalarda tibbiyot oliygohlarining klinik bazalari tashkil etilib, ularga ham shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlashga ruxsat beriladi.

Shu munosabat bilan Respublika tibbiy xodimlar kasbiy malakasini rivojlantirish hamda O‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlari faoliyati to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Bu tashkilotlar endi faqat zamonaviy metodikalarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.

Shu bilan birga, shifokorlarning malaka toifasini olish muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda toifasiz xodimlardan talab etiladigan ish staji 5 yildan 3 yilga, birinchi toifaga – 7 yildan 5 yilga, oliy toifaga – 10 yildan 7 yilga qisqaradi.

Aytish joizki, bizda hamshira deganda ko‘z oldimizga faqat “ukol” qilishni biladigan tibbiyot xodimlari keladi. Lekin sog‘liqni saqlash tizimi rivojlangan mamlakatlarda o‘rta tibbiyot xodimlarining bilim darajasi, malakasi va mas’uliyati vrachlardan kam emas. Bizda esa hamma mas’uliyat shifokorlar zimmasida qolib ketgan. Shu bois tizimda vrachlar yetishmaydi. O‘rta tibbiyot xodimlari soni esa ehtiyojdan ortiq darajada, ya’ni soni ko‘p, xizmat sifati past.

Misol uchun, 2022 yilda – 20 ming nafar, 2023 yilda – 34 ming nafar yoshlar tibbiyot kolleji va texnikumlarini tugatadi. Lekin sohada o‘rta tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj yiliga o‘rtacha 10 ming nafarni tashkil etadi, xolos.

Bu masalani to‘g‘ri hal etish uchun o‘tgan yili oilaviy shifokorlarning 60 dan ziyod funksiyasidan 25 tasini hamshiralarga o‘tkazish, buning uchun ularni o‘qitish tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror qabul qilgan edik. Lekin 11 ta tibbiyot oliygohi va 27 ta tibbiyot kolleji hamda 47 ta texnikum bir-biridan ajragan holda faoliyat yuritib kelgani sababli o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashda sifat o‘zgarmayapti. Shu bois o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimi ham qayta ko‘rib chiqilib, tibbiyot kollejlari va texnikumlari transformatsiya qilinadi. Bunda xorijiy hamkorlar bilan xalqaro ilg‘or tajriba asosida hamshiralarni tayyorlashning yangi maktabi yaratiladi.

Oddiy qilib aytganda, jarrohlik amaliyotidan keyingi muhim jarayon, ya’ni bemorning “oyoqqa turishi” uchun (intensiv terapiya va reabilitatsiya) barcha davolash ishlarini bajara oladigan malakali hamshiralarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Endi barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari oliy ta’lim muassasalariga biriktiriladi. Oliygohlar ta’lim va amaliyot sifati uchun bevosita mas’ul bo‘ladi. Tibbiyot oliygohlarining klinikalari, respublika tibbiyot markazlari, ularning filiallari va shifoxonalar tibbiyot kollejlari va texnikumlari uchun klinik baza bo‘lib xizmat qiladi.

Oliy ta’lim muassasalarining barcha kafedralari o‘z yo‘nalishida kollej va texnikumlarga zamonaviy o‘qitish metodikasi va texnologiyalarini o‘rgatadi, muallimlar va o‘quvchilarning bilimini haqqoniy baholab boradi. Bunda kollej va texnikumlarning iqtidorli o‘quvchilarini saralab, ularni kelgusida oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettirishiga sharoit yaratiladi.

Oltinchi yo‘nalish – shifokorlarning eng muhim va olijanob vazifasi – bu albatta kasallikni davolash, shu tariqa insonlarning dardiga malham bo‘lish hisoblanadi.

Shu bilan birga, men sizlardan sog‘lom turmush tarzi orqali kasallikning oldini olishga ko‘proq e’tibor berishingizni so‘rayman. Chunki, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanadigan odam hech qanday davoga muhtoj bo‘lmaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi 19 foiz – tashqi muhitga, 20 foiz – genetik omillarga, 9 foiz – sog‘liqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bog‘liq.

Salomatligimiz asosan o‘z qo‘limizda ekan, jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini yanada oshirishimiz zarur.

Ushbu masala bo‘yicha alohida dasturni amalga oshirishni boshlaganimizdan xabardorsiz.

Afsuski, to‘g‘ri ovqatlanmaslik va harakatsizlik oqibatida bugungi kunda aholimizning 75 foizida ortiqcha vazn borligi, 30 foizida esa xolesterin va qon bosimi yuqori ekani barchamizni o‘ylantirishi kerak. Shuning uchun joriy yildan boshlab 17 mingdan ziyod tibbiy brigada, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi.

Reyting degani shuki, endi tibbiyot xodimlari o‘z hududida aholi sog‘lig‘ini saqlash va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha o‘ziga majburiyat oladi. Bunda ortiqcha vaznga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va ularning natijasida kelib chiqadigan infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish ko‘rsatkichlari asosiy mezon sifatida belgilanadi.

Ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanadi, yil yakunida esa har bir viloyatda eng yaxshi natija ko‘rsatgan poliklinikaga mukofot va sovg‘alar beriladi. Bu tajribani joriy yilda poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 11 ta hamda Namangan viloyatining Uychi tumanidagi 12 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda boshlaymiz. Ushbu tajriba yakuni bo‘yicha bu yangi tizimni 2023 yildan boshlab barcha hududlarda joriy etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilinadi.

O‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun alohida “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Yettinchi yo‘nalish – sog‘liqni saqlash tizimi asosan kasalliklarni davolashga emas, eng avvalo, ularning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi zarur.

Aslida, jahon tibbiyotida kasalliklar profilaktikasi – eng ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Bu borada Sirdaryoda boshlangan tajriba tibbiyot sohasidagi ko‘plab kamchiliklarni ochib berdi. Viloyatdagi tuman va shahar shifoxonalarida turli asab kasalliklari, surunkali bronxit, osteoxondroz kabi dardi bor bemorlar statsionar sharoitda davolanmoqda. Vaholanki, ular tunu kun shifokor nazoratiga muhtoj emas.

Sirdaryodagi shifoxonalarda yotgan bemorlarning 30-40 foizini ambulator sharoitda davolash mumkin. Bu – kasalxonalarning samarasiz xarajatlarini 40 foizga qisqartirish imkonini beradi.

Shuningdek, birlamchi bo‘g‘inda mablag‘larning asosiy qismi ish haqiga sarflanib, tibbiy yordam ko‘rsatishga atigi 10 foizi qolmoqda. Shu bois Guliston shahridagi Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi filiali va viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasini, unga tutash yoki uning atrofida joylashgan 10 ga yaqin tor sohadagi tibbiyot muassasalarini yagona klasterga birlashtirishga qaror qildik.

Boshqa hududlarda ham sog‘liqni saqlash infratuzilmasini puxta o‘rgangan holda, bir yo‘nalishdagi shifoxonalardan voz kechib, mavjud shifoxonalar negizida ko‘p tarmoqli klinikalar tashkil etiladi.

Bundan buyon tibbiyot tizimi “mablag‘ni bevosita bemorga sarflash” degan tamoyil asosida moliyalashtirishga o‘tkaziladi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar Sirdaryoda tibbiy sug‘urta tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yib, kelgusi yillarda barcha hududlarda joriy etamiz. Shu bilan birga, butun mamlakatimizda amal qiladigan yagona klinik protokollar, ko‘rsatma va standartlar ishlab chiqiladi.

Tibbiyot sohasida yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi – “elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi.

Tibbiy-iqtisodiy, statistik va analitik tahlillarni o‘tkazish imkonini beradigan Milliy tizim joriy etiladi.

Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida klinikalarni emas, shifokorlarni litsenziyalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishimiz kerak. Bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, tibbiyot xodimlarini malaka oshirishga majburiy yuborish talab etilmaydi. Balki ular o‘z ustida doimiy ishlab, tajribasini oshirishdan o‘zlari bevosita manfaatdor bo‘ladi.

Umuman, sohadagi islohotlarni rejali va izchil davom ettirish maqsadida Jahon banki ekspertlari bilan birga 1 oktyabrga qadar 7 ta asosiy yo‘nalishni ham o‘z ichiga olgan Sog‘liqni saqlash strategiyasi ishlab chiqiladi.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

O‘rni kelganda, tibbiyot xodimlarining ma’naviyati, axloq-odobi masalasiga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Albatta, soha mutaxassislari o‘z kasbini chuqur bilishi shart. Lekin, har tomonlama yetuk shifokor bo‘lish uchun buning o‘zi yetarli emas. Shuning uchun tibbiy ta’lim tizimiga “Tibbiyot xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasi” nomli maxsus kursni joriy etish lozim.

Fursatdan foydalanib, ijodkor ziyolilarimiz e’tiborini bir masalaga qaratishni istardim. Biz pandemiya sharoitida shifokorlarimizning o‘z kasbiga, muqaddas qasamyodiga sadoqati va fidoyiligiga takror va takror guvoh bo‘lmoqdamiz. Buning uchun ularga barchamiz va xalqimiz nomidan yana bir bor rahmat aytamiz. Ammo el-yurt orasida hurmat qozongan, chinakam matonat va jasorat sohibi bo‘lgan shifokorlar obrazi tarannum etilgan badiiy asarlar yetarlicha yaratilmayapti. Jonkuyar tibbiyot xodimlarining mashaqqatli va sharafli faoliyati tasvirlangan badiiy, sahna va kino asarlari, seriallarni ko‘paytirish zarur, deb o‘ylayman.

Muhtaram do‘stlar!

bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik jarayonida kelib tushgan muammolarning yechimlari va sizlarning bugungi takliflaringiz bo‘yicha qisqa muddatda qarorlar qabul qilinadi. Ularda barcha muhim taklif va tashabbuslar, shuningdek, bugun bildiriladigan fikr-mulohazalar ham o‘z aksini topadi. Bu maqsadlar uchun 2022 yilda byudjetdan sohaga ajratilgan 24 trillion so‘mga qo‘shimcha 3,2 trillion so‘m berish bo‘yicha hisob-kitoblar qilingan.

Barchangiz tushunasiz, hozir dunyoda sodir bo‘layotgan murakkab vaziyatda sog‘liqni saqlash tizimi uchun bunday katta mablag‘larni izlab topish albatta oson bo‘layotgani yo‘q. Biz xalqimiz salomatligi uchun har qancha mablag‘ va kuch-imkoniyat sarflashga tayyormiz. Shaxsan men uchun xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli.

Lekin tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibordan to‘g‘ri va samarali foydalana olayapmizmi? Mana shu savol meni ko‘p o‘ylantiradi. Bu savol sizlarni ham qiynashi kerak. Soha rahbarlari ajratilayotgan har bir so‘mning qadriga yetishi, ularning samarasini barcha odamlarimiz o‘z hayotida his etishi lozim.

bugungi kunda barcha jabhalarda, jumladan, tibbiyot sohasida ham har kuni beqiyos ilmiy yangiliklar kashf etilayotgani, davolash ishi bo‘yicha qanday yangi texnologiyalar va metodikalar paydo bo‘layotganini hammangiz ko‘rib-bilib turibsiz. Binobarin, jahon ilm-fani va taraqqiyoti shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi murakkab zamonda kechagi bilim va tajriba bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Mana shunday keskin raqobat sharoitida doimiy o‘qish, izlanish, yangilikka intilish – bu har bir tibbiyot xodimining mas’uliyatli burchi, kerak bo‘lsa, hayot maqsadiga aylanishi shart.

Shu o‘rinda o‘zimizga bir savol beraylik: Ibn Sino bobomiz qanday qilib, nimaning hisobidan buyuk shifokor bo‘ldi? Albatta, noyob iste’dodi, beqiyos aql-zakovati bilan. Lekin shuning o‘zi yetarlimidi?

Ma’lumki, ulug‘ tabib Buxoro hukmdorini og‘ir darddan davolaydi. Shunda amir unga katta mol-dunyo va amal taklif qiladi. Ibn Sino bobomiz esa ularning barchasidan voz kechib, faqatgina saroy kutubxonasidagi kitoblardan foydalanish uchun ijozat so‘raydi. Ana shu kitoblarni o‘qib, o‘z ustida tinimsiz ishlab, buyuk ajdodimiz olamshumul shuhrat qozonadi.

Takror aytaman, taraqqiyot va yuksalishga faqat ilm, faqat ta’lim va tarbiya, faqat kitob orqali erishish mumkin.

Mana shunday misollar barcha tibbiyot xodimlari, ayniqsa, yosh vrach va hamshiralar uchun yuksak ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilishi lozim.

Tibbiyot ahli orasida kasbiy halollik va poklik muhitini mustahkamlash, korrupsiya balosidan butunlay qutulish uchun barchamiz – vrach va hamshiralar ham, bemorlar ham, rahbar va mutasaddilar ham birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lishi lozim.

Unutmang, davlat tibbiyot tizimini rivojlantirish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun shuncha katta mablag‘ va resurslarni safarbar etayotgan ekan, endi bu borada har qanday qonun buzilishlariga, tamagirlik va poraxo‘rlik ko‘rinishlariga qarshi qat’iy kurash olib boradi.

Bemorlarni faqat dori bilan emas, balki mehr bilan, aql bilan davolash ham muhim ahamiyatga ega.

Ming afsuski, sog‘liqni saqlash muassasalarida ayrim shifokorlarning aholi bilan qo‘pol muomalada bo‘lishi, odamlarni mensimaslik, o‘z vazifasini suiiste’mol qilishi kabi salbiy holatlar hamon uchrab turibdi. Bunday vaziyatni o‘zgartirish uchun, avvalo, tibbiyot xodimlarining ma’naviy dunyosini, bemorlar bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish zarur.

Donishmand adiblardan birining chuqur ma’noli gapi bor: “Insonning hamma narsasi – qiyofasi ham, libosi ham, qalbi va fikri ham go‘zal bo‘lishi kerak”. O‘ylaymanki, bu so‘zlar avvalambor sizlarga – tibbiyot ahliga qarata aytilgan.

Shaxsan men Prezident sifatida sizlarning mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlayman. Qolaversa, shifokorning farzandi bo‘lganimdan g‘ururlanaman. Shu sababli barcha tibbiyot xodimlari jamiyatimizning eng madaniyatli qatlami, ziyolilarimizning peshqadam vakillari bo‘lishlarini orzu qilaman.

Sizlar ana shunday yuksak maqomga albatta munosibsiz.

Sizlarni teatr va muzeylarda, konsert zallari va kutubxonalarda yanada ko‘proq ko‘rishni istayman. Shu maqsadda respublikamiz tibbiyot xodimlarini davlat hisobidan teatr va konsertlarga bepul olib borish tizimi tashkil etiladi.

Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, milliy genofondimizni asrashda onalik va bolalik hamda oilani muhofaza qilish, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish – bizning ustuvor vazifamizdir.

Bu borada, avvalo, ertaga ona bo‘ladigan yosh qizlarimizga oilaviy turmush asoslarini, bola parvarishi va tarbiyasini o‘rgatish bo‘yicha ham hali ko‘p ish qilishimiz kerak.

Har qanday soha, jumladan, tibbiyot tizimining ertangi rivoji ham yoshlarga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu maqsadda sog‘liqni saqlash sohasiga kirib kelayotgan yosh shifokor va hamshiralarga keng yo‘l ochib berish, amalda o‘zini oqlagan ustoz-shogird an’analarini davom ettirishni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda.

Ma’lumki, nafaqat qadimgi tarixda, balki yaqin o‘tmishda ham mamlakatimizda Vosit Vohidov, O‘ktam Oripov, Yolqin To‘raqulov kabi mashhur shifokorlar o‘z maktablarini yaratganini yoshi ulug‘ insonlar yaxshi biladilar.

bugungi kunda shifokorlarimiz orasida O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, ko‘plab fan doktorlari va professorlar bor. Ular ham o‘zlarining ilmiy, tibbiy-amaliy maktablariga asos soladilar, deb ishonamiz. Buning uchun qanday sharoit va imkoniyatlar kerak bo‘lsa, davlatimiz barchasini yaratib berishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlayman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

bugungi ochiq muloqot, unda bildirilgan achchiq, ammo haqqoniy va xolis fikrlar barchamiz uchun har tomonlama foydali bo‘ldi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Sizlar bilan mana shunday yangicha shaklda tibbiyot sohasidagi muammo va kamchiliklar, ustuvor vazifalar haqida batafsil fikrlashib oldik. Ko‘pgina masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy yechimlarni topdik. Ularni bajarish uchun, hech shubhasiz, shifokorlarning o‘z ustida ishlashi, ish uslubi va dunyoqarashini o‘zgartirishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirib borishi, mas’uliyati va javobgarligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Oldimizda turgan bunday ulkan va dolzarb vazifalarni amalga oshirishda loqaydlik, beparvolik va sustkashlikka yo‘l qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q. Chunki gap inson hayoti, inson salomatligini asrashdek hal qiluvchi masala ustida bormoqda. Ishonamanki, O‘zbekiston tibbiyot xodimlari bunga albatta qodir. Sizlar pandemiya davridagi og‘ir sharoitda xalqimiz sog‘lig‘ini asrab qolish uchun chinakam qahramonlik va jasorat ko‘rsatganingiz buning yaqqol isbotidir. Buni nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyati ham e’tirof etmoqda.

O‘ylaymanki, bugungi anjuman mamlakatimizning tibbiyot sohasini rivojlantirish yo‘lida tub burilish bo‘lib xizmat qiladi.

Ayni vaqtda aholimizning sog‘lig‘ini saqlashdek g‘oyat muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasini faqat birgina vazirlikning zimmasiga yuklab, qolganlar tomoshabin bo‘lib chetda turmasligimiz kerak. Bu barcha soha rahbarlari, hokimlar va vazirlar, deputat va senatorlarning, keng jamoatchilik, bir so‘z bilan aytganda, o‘zini shu yurt taqdiriga daxldor deb bilgan har bir insonning vazifasi va burchiga aylanishi shart.

Aziz shifokorlar!

Ishonchim komilki, butun dunyoda “tib ilmining sultoni” deb shuhrat qozongan buyuk Ibn Sinoning vorislari bo‘lgan siz, azizlar bilan birga Yangi O‘zbekistonning kuchli va samarali tibbiyot tizimini shakllantirishdek oldimizda turgan ulug‘vor vazifani albatta muvaffaqiyat bilan ado etamiz.

Barchangizni kirib kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan chin dildan tabriklab, ezgu va xayrli ishlaringizda hamisha yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tilayman.