“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.

–Tibbiyot ahli orasida kasbiy halollik va poklik muhitini mustahkamlash, korrupsiya balosidan butunlay qutulish  uchun barchamiz – vrach va hamshiralar ham, bemorlar ham, rahbar va mutasaddilar ham birgalikda harakat qilishimiz kerak. Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lishi lozim. Unutmang, davlat tibbiyot tizimini rivojlantirish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun shuncha katta mablag‘ va resurslarni safarbar etayotgan ekan, endi bu borada har qanday qonun buzilishlariga, ta’magirlik va poraxo‘rlik ko‘rinishlariga qarshi qat’iy kurash olib boradi,– dedi Prezident. – Bemorlarni faqat dori bilan emas, balki mehr bilan, aql bilan davolash ham muhim ahamiyatga ega.  Ming afsuski, sog‘liqni saqlash muassasalarida ayrim shifokorlarning aholi bilan qo‘pol muomalada bo‘lishi, odamlarni mensimaslik, o‘z vazifasini suiiste’mol qilishi kabi salbiy holatlar hamon uchrab turibdi.

Bunday vaziyatni o‘zgartirish uchun, avvalo, tibbiyot xodimlarining ma’naviy dunyosini, bemorlar bilan muloqot  madaniyatini yuksaltirish zarur. Donishmand adiblardan birining chuqur ma’noli gapi bor: “Insonning hamma narsasi – qiyofasi ham, libosi ham, qalbi va fikri ham go‘zal bo‘lishi kerak”.

O‘ylaymanki, bu so‘zlar avvalambor sizlarga – tibbiyot ahliga qarata aytilgan. Shaxsan men, Prezident sifatida, Sizlarning mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlayman. Qolaversa, shifokorning farzandi bo‘lganimdan g‘ururlanaman. Shu sababli, barcha tibbiyot xodimlari jamiyatimizning eng madaniyatli qatlami, ziyolilarimizning eng peshqadam vakillari bo‘lishlarini orzu qilaman. Sizlar ana shunday yuksak maqomga albatta munosibsiz.

O‘zA