Bokschilarimiz xalqaro turnirda shohsupaga ko‘tarildi

Qirg‘izistonning Bishkek shahrida boks bo‘yicha xalqaro turnirda yosh bokschilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Musobaqada O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya,Qozog‘iston,Tojikiston kabi davlatdan kelgan 200 nafarga yaqin bokschilar g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Musobaqada o‘z vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Foziljon Abdumurodov mezbon bokschisi Turat Osmonovni, Fazliddin Meliboyev qirg‘izistonlik Ermek Sakenovni, Obidjon Tohirov ham yana bir qirg‘izistonlik Shaymuhammad Hakimovni mag‘lubiyatga uchratib shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Finalga qadar barcha janglarda zafar quchgan Nodirjon Mirzahmedov kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Oybek Jo‘rayev va Bahrom Fozilov terma jamoamizga bronza medallarini keltirdi.

Shu tariqa turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA