Nukusda moddiy taʼminot mutaxassislarining kasb bayrami nishonlandi

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi moddiy taʼminot mutaxassislari va taʼminotchilarining kasb bayrami munosabati bilan bir guruh fidoyi harbiy xizmatchilarni ragʻbatlantirdi.

Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Karantin qoidalariga amal qilgan holda ochiq havoda boʻlib oʻtgan oʻtgan tadbirda okrug operativ va qoʻshinlar pogʻonasidagi moddiy taʼminot mutaxassislari harbiy qism va muassasalarni barcha turdagi zarur boʻlgan moddiy taʼminot vositalari bilan uzluksiz taʼminlash va oʻz vaqtida shaxsiy tarkibga belgilangan meʼyor talablarini yetkazishda salmoqli hissa qoʻshib kelayotgani taʼkidlandi.

Aytish joizki, mustaqillik yillarida milliy armiyamizda rivojlanib kelayotgan yangicha harbiy anʼanalarga koʻra, har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi moddiy taʼminot mutaxassislari va taʼminotchilarining kasb bayrami” sifatida keng nishonlanishi yoʻlga qoʻyilgan.

Tadbirda moddiy taʼminot mutaxassislariga minnatdorchilik eʼlon qilinib, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Serjantlar tarkibidagi bir guruh harbiy xizmatchilar navbatdagi harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.

_U4A8267.JPG

_U4A8329.JPG

 

O’zA