“Milliy marketing markazi” korxonalari uyushmasi “Intarget.uz” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz internet statistikasiga oid maxsus nashr tayyorladi. Unda ijtimoiy tarmoq va veb-sahifalarga tashrif buyuruvchilar soni haqidagi ma’lumotlar, eng mashhur mobil telefonlar va ilovalar ro‘yxati aks etgan.

O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda internet foydalanuvchilar soni 15 million kishi va ularning 80 foizi mobil trafikdan foydalanadi. www.uz milliy qidiruv tizimining ma’lum qilishicha, www.daryo.uz yangiliklar sayti O‘znetdagi eng ommabop saytlar o‘ntaligida yetakchilik qilmoqda. 2018 yil 15 yanvar holatiga ko‘ra, ushbu saytga bir kecha-kunduzda qariyb 330 ming foydalanuvchi kirgan. www.kun.uz yangiliklar sayti ikkinchi, sport yangiliklari sayti www.stadion.uz uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

Mamlakatimizda bir necha yildan buyon “Odnoklassniki”, “Facebook”, “VKontakte” tarmoqlari eng mashhur ijtimoiy tarmoq bo‘lib qolmoqda. Masalan, yurtimizdagi 2 million internet foydalanuvchi ok.ru ijtimoiy tarmog‘iga muntazam tashrif buyuradi, “Facebook” tarmog‘ining auditoriyasi esa, fotosurat va videoyozuvlar bilan almashish uchun mo‘ljallangan “Instagram” bepul ilovasi bilan qo‘shib hisoblaganda 1,6 milliondan ortiq foydalanuvchini tashkil etadi. Ommabopligi bo‘yicha “Telegram” messenjeri birinchi o‘rinni egallaydi. “Prikol” va “kun.uz” saytlarining har biri 217 mingdan ortiq obunachiga egaligi bilan o‘zbek telegramm-kanallari ichida yetakchilik qilmoqda.

Mamlakatimiz bo‘yicha o‘tkazilgan statistika reytingida “Google” kompaniyasi ishlanmalari bir necha yetakchi o‘rinlarni egallagan. Masalan, “Chrome” brauzeri va “Google” qidiruv tizimi eng ommabop deb topildi. Ushbu tizimdan foydalanuvchilarning 76 foizi foydalanadi. Yurtimiz internet foydalanuvchilaridan 19 foizi murojaat etuvchi “Yandeks” qidiruv tizimi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Mobil telefonlar ishlab chiqaruvchilarining statistikasi ham g‘oyat qiziqarli. “Samsung” kompaniyasi telefonlari reytingning birinchi o‘riniga sazovor bo‘lgan. Boshqa qator vendorlar ikkinchi, 16 foizdan ortiq bozor ulushiga ega “Nokia” telefonlari esa uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu mahalliy bozorda mazkur kompaniyada ishlab chiqarilgan tugmali telefonlarga hanuz ehtiyoj balandligi natijasi bo‘lsa kerak. So‘nggi yillarda O‘zbekiston bozorida “Huawei” kompaniyasi smartfonlari ommabopligi deyarli ikki barobar o‘sgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ularning ulushi atigi 2,1 foizni tashkil etmoqda.

 

Roman Bondarchuk, O‘zA