O‘zbekistonda internet jurnalistikasining ahvoli qanday?

– O‘zbekistonda 12 mingdan ortiq veb-sayt faoliyat yuritmoqda…mi?
– Tekshirilmagan faktlar
– Internet-nashrlardagi o‘g‘irliklar
– Soxta obro‘ ketidan quvib…aa
– Gapirsang beti, ursang eti qotadi…mi?
– Tahlil ortiga yashiringan reklama
– Muammoning yechimi qayerda? 

Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham internet-nashrlar axborot yetkazuvchi asosiy maydon vazifasini o‘tamoqda. Odamlarning qisqa, lo‘nda, tezkor va ekskluziv axborotlarga bo‘lgan talabi kun sayin ortib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan u yoki bu nashrning ommalashuviga sabab bo‘lmoqda.

Qalampir.jpgUZ domenidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 12 253 tadan ortiq veb-sayt faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ulardan 450 dan ortig‘i O‘zbekiston matbuot va axborot agentligidan OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Mazkur saytlarning kuchli beshtaligini “DARYO.UZ”, “KUN.UZ”, “QALAMPIR.UZ”, “GAZETA.UZ”, “PODROBNO.UZ” saytlari band etmoqda. Gap saytlarning reytingi masalasiga borib taqalar ekan, bu reyting ular berayotgan shov-shuvli, ekskluziv, odamlarning e’tiborini tortadigan har qanday ko‘rinishdagi materiallarga bog‘liq ekanini alohida ta’kidlash o‘rinli. Ayni shu borada so‘z ketganda, internet-jurnalistikada etika masalalari ne chog‘lik og‘ir ahvolga tushib qolganini ko‘rish mumkin. Bu esa sun’iy reytingning ortidan quvish oqibatidir.

Jurnalist etikasi tamoyillari, uning axloq-odobi me’yorlari ilk bor 1954-yil 25-28-aprelda Bordo shahrida o‘tgan Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining II Jahon Kongressida qabul qilingan “Jurnalist faoliyati prinsiplari Deklaratsiyasi”da qayd qilingan. Bu hujjatga Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining 1986-yil 2-6-iyunda Xelsinkida o‘tgan XVIII Umumjahon Konferensiyasida bir qator o‘zgartishlar kiritilgan. Unda quyidagi bosh tamoyillar (prinsiplar) bayon etiladi: “Haqiqatni barcha hurmat qilishi lozim, jamiyatning ana shu haqiqatni bilishga bo‘lgan huquqi – muqaddasdir, axborotni xolisona to‘plash va uni OAVda chop etishda erkinlik prinsiplari qo‘llanilishi darkor. Jurnalistning xolisona sharh qilish huquqi, tanqid qilish huquqi, kasbiy sirini saqlash huquqi, axborot manbaini oshkor qilmaslik huquqi va boshqa huquqlari mavjuddir”.

Hujjatda keltirilgan qoidalarning ayrimlari O‘zbekistonda qabul qilingan OAVga doir qonunlarda ham o‘z ifodasini topgan.

Internet-nashrlar O‘zbekiston an’anaviy jurnalistikasida yangi davrni boshlab berdi. Platformalar jurnalistlariga qo‘yilayotgan talablar gazeta va jurnallar, radio va televideniye talablaridan yuqori. Boisi, xodim bir vaqtning o‘zida ham jurnalist, ham fotomuxbir, ham sayt administratori vazifalarini bajarishi kerak. Shu sabab ham O‘zbekistonda keng qamrovli, ko‘p qirrali, tezkor jurnalist kadrlarga ehtiyoj katta.

Sohada professional bo‘lmagan, jurnalistika amaliyotidan xabardor, ammo nazariyasini o‘rganmaganlar juda ko‘p. Achinarlisi shundaki, internetda ishlayotgan hamma – bloger, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar administratori, tarjimon, “frilanser”, reportyor, “kopirayter”lar bir nom bilan ataladi – jurnalist! Shu sababdan ham fan nazariyasini o‘rganish, jurnalistikaning mohiyatini tushunish, uning maqsad va vazifalarini to‘liq anglab yetish unchalik muhim bo‘lmay qolgan. Asosiy g‘oya – xabar yetkazish, tanqid va tahlil qilish. Buning uchun kerak bo‘ladigan bilim, saviya, mahorat, hayotiy tajriba ko‘pincha ikkinchi darajaga tushib qolyaptiki, ba’zan berilayotgan xabarlar na umuminsoniy, na milliy qadriyatlarga mos keladi.

Shu o‘rinda O‘zbekistondagi internet-nashrlarda uchrayotgan jurnalistik etikaga zid bo‘lgan asosiy holatlarga to‘xtalsak:

Birinchidan, jurnalistlarning bir axborot manbasiga tayanib xulosa chiqarishi, axborot manbasini, xabarda keltirilgan fakt va ma’lumotlarni tekshirmay uni o‘z nashrida e’lon qilishi kuzatilmoqda.

Bunga misol tariqasida “KUN.UZ” nashrida uzatilgan xabarni keltirish mumkin. Nashr 22-noyabr kuni soat 17:35 da “Taniqli aktyor va rejissyor Shuhrat Nuraliyev vafot etdi” nomli xabarni chop etdi. Axborot yashin tezligida mahalliy hamda xorijiy OAVlarga tarqaldi. “QALAMPIR.UZ”da chop etilgan “Shuhrat Nuraliyev tirik, u shifoxonaning jonlantirish bo‘limida” nomli maqoladagi keskin tanqiddan so‘ng, shu kuni soat 18:43 da “KUN.UZ”da “Tuzatish. Shuhrat Nuraliyev hayot, lekin chuqur koma holatida” nomli maqola chop etildi. Biroq bir soatdan oshiq vaqt davomida Shuhrat Nuraliyevning vafot etgani haqidagi yolg‘on xabar butun respublikaga tarqab ulgurgan edi.

Ikkinchidan, ayrim internet-nashrlar, jumladan ularda faoliyat yuritayotgan tarjimonlar, “kopirayter”lar mualliflik huquqiga rioya qilmasligi ham uchramoqda. Xususan, “UZNEWS.UZ” internet-nashrida 14:45 da chop etilgan “Voditel marshrutki, chut ne sbivshiy detey, oshtrafovan” nomli maqola hech qanday manba ko‘rsatilmasdan “QALAMPIR.UZ”ning 2017-yil 29-noyabr kuni soat 17:35 da saytga joylashtirilgan “Video: Oybek va Nigora bolalarni urib yuboray degan marshrut ortidan tushdi” va 2017-yil 2-dekabr kuni soat 15:55 da chop etilgan “Oybek va Nigora aniqlagan qoidabuzar haydovchi YHXB tomonidan topilib, jarimaga tortildi” nomli maqolasidan plagiat qilingan. Ushbu maqola “QALAMPIR.UZ”ning mualliflik materiali bo‘lib, hatto, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi “QALAMPIR.UZ” keltirgan faktlar orqali YTH kelib chiqishiga sabab bo‘lgan yo‘nalishli taksini topishga muvaffaq bo‘lganini rasmiy saytida yozgan.

2006-yilda “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan bo‘lsa-da, internet-nashrlarda faoliyat yuritayotgan ko‘plab “mualliflar” bu kabi OAVga oid qonunchilikdan bexabar va uni muntazam buzib kelyapti.

Uchinchidan, faoliyatdan shaxsiy maqsadda foydalanish, soxta obro‘ orttirishga moyillik ko‘zga tashlanmoqda. Misollarga murojaat etsak: yaqindagina “KUN.UZ” internet nashrida “Shahrixondagi oila boshlig‘i paxtaga ketganida uy yonib ketdi. Endi unga ko‘mak kerak” nomli maqola chop etildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: uyning yonib ketishiga oila boshlig‘i paxtaga ketishining nima aloqasi bor? Paxta terimini bu yo‘sinda jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga sababchi, aybdor sifatida ko‘rsatib, dastak qilib olish jurnalist etikasining buzilishining yaqqol isboti emasmi? Boisi agar o‘sha uyning elektr tizimida yong‘in chiqishi mumkin bo‘lgan nosozlik yoki yong‘inni keltirib chiqaradigan boshqa sabablar bo‘lsa, oila boshlig‘i paxta yoki bozorga ketadimi uy baribir yonadi. Demakki, shundoq ham kamchilik sifatida ko‘rilayotgan holatlarga bu yo‘sinda yana bir bor e’tibor qaratib, odamlarda nafrat tuyg‘usini uyg‘otish jurnalistning noprofessionalligidan dalolat.

To‘rtinchidan, qonunlarda yozilmagan milliy va umuminsoniy qadriyatlar, urf-odatlarga bepisand qarash holatlari ham uchramoqda.

Xalqimizda “gapirsang beti, ursang eti qotadi” degan gap bor. Jamiyatda shunday illatlar uchrab turadiki, ba’zan bular haqida gapirib, xalqning asrlar osha ulug‘lanib kelgan ma’naviyatini buzgandan, gapirmay sukut saqlagan ma’qul. So‘nggi vaqtlarda OAVda, ayniqsa, internet-nashrlarda fohishaxonalar va fohishalarning qo‘lga olinayotgani bilan bog‘liq xabarlar keng tarqalmoqda. Har kuni u yoki bu internet-nashrida shunday xabarga ko‘zingiz tushadi. Birgina “QALAMPIR.UZ” saytida fohishaxona saqlashga oid 29 ta material chop etilgan bo‘lib, bu haqdagi ilk xabar 2017-yilning 3-mart kuni saytga joylashtirilgan. Ilk xabarni 21 mingdan ortiq foydalanuvchi o‘qigan. Shu mazmundagi oxirgi xabar 2017-yil 9-dekabr kuni joylashtirildi. Uni 4500 dan ortiq foydalanuvchi o‘qigan. O‘rtadagi tafovutga e’tibor qaratilsa, shu mavzudagi birinchi va oxirgi xabar o‘rtasida 17 mingga yaqin foydalanuvchi bor. Demak, 17 ming kishi uchun bu mazmundagi xabarlar qiziq bo‘lmay qoldi, boshqacha qilib aytganda, bu mazmundagi axborotlar kishilarning me’dasiga tegdi. Ommaning beti qotdi. OAVlar esa fohishaxonalar va fohishalar qo‘lga olingani bilan bog‘liq o‘zbek millati, uning qadriyatlariga zid bo‘lgan holatlar haqidagi xabarlarni kunora o‘quvchiga yetkazish bilan band.

Bu ham yetmagandek, “UZNEWS.UZ” saytida besoqolbozlar haqida maqola chop etildi. Ismini va xabar manbasini oshkor etmagan muallif Toshkentda ikki besoqolboz qo‘lga olingani, ularning sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgani va xulosalarga ko‘ra, ular muntazam jinsiy aloqada bo‘lganini ochiq-oydin yozadi. Ushbu xabar “DIYDOR AZIZ”, “SOF.UZ” kabi mahalliy internet-nashrlarda va xalqaro “Sputnik” nashrida, “Ozodlik” radiosining internet sahifasida chop etildi. Xabarlarda “UZNEWS.UZ” axborot manbasi sifatida ko‘rsatildi. Bir mavzu va mazmundagi, turli saytlarda, turli sarlavha ostida chop etilgan xabar 60 mingdan ortiq internet foydalanuvchilarining e’tiborini tortdi. Yana 60 ming kishi uchun bu mazmundagi xabar hech narsa bo‘lmay qoldi. Ular yana shu mavzudagi xabarlarni o‘qisa seskanmaydi, bora-bora buni oddiy holdek tushunishni boshlaydi. OAVlar esa bunga zamin hozirlamoqda.

Beshinchidan, tanqid va tahlil ortidan yashirin reklama targ‘ibotiga hissa qo‘shish kuzatilmoqda.

Misol uchun, tungi klublar, internet-kafelarning tuni bilan faoliyat yuritishi, unda o‘tkazilgan reydlarda yosh-yalang qo‘lga olinayotganini yozayotgan nashrlar “Bu maskanlarga yoshlar kelmasdan, keksalar kelishi kerakmi?” degan savolni o‘ziga berib ko‘rmayapti. Nega bu kafelarni tashkil etganlar, tungi klublarning faoliyatiga yo‘l qo‘yib, giyohvandlik, spirtli ichimliklar savdosiga jim qarab turganlar emas, o‘sha kafelarga borganlar qoralanyapti? Jurnalistning pozitsiyasi qayerda? Aslida masalaning tub mohiyatiga yetib, uning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha o‘z taklifini berish jurnalistning vazifasi emasmi?

Oltinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabar, audio va videoyozuvlarni o‘zlashtirish, manbasi va axborot xolisligini tekshirmay tarqatish holatlari ko‘paymoqda.

O‘zbekiston Respublikasida OAVga oid qonunlarning aksariyati qabul qilinganiga 15-20 yil to‘ldi. Qonunlar qabul qilingan davrda O‘zbekistonda internet OAVlar hali rivojlanmagan edi. Ayni davrdagi qonunlar esa internetdagi axborot almashinuvini rad etmoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda biror shaxs yoki davlat va jamoat tashkilotining rahbariga tegishli sahifadan yozib qoldirilgan postlardan internet saytlari uchun katta maqola tayyorlash amaliyoti xorijdan bizgacha yetib keldi. Biroq, o‘sha ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan yozishmalar, video va audioyozuvlar o‘chirib yuborilsa, sahifa egasi ham ijtimoiy tarmoqni tark etsayu yozganlarini rad etsa, jurnalistni kim yoki nima muhofazalaydi. Hech nima! Shu bois jurnalist o‘z kasbiy etika me’yorlarini unutmasligi, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar, audiovizual materiallarni o‘zlashtirishdan avval ularning ishonchli va xolisligini ta’minlashi, voqea ishtirokchilarining ruxsatisiz (sudda isbot o‘rnida o‘tuvchi rasmiy ruxsatnomasiz) ularni chop etmasligi kerak.

Yettinchidan, til va imlo qoidalari qo‘pol va muntazam buzilmoqda.

Bunda aynan biror saytni misol tariqasida keltirish joiz emas. Boisi bu holat barcha saytlarda surunkali ravishda uchrab turadi. Saytlarda ishlayotgan aksariyat jurnalistlar yetarli bilim va salohiyatga ega emas, til qoidalarini to‘liq o‘zlashtirmagan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, jurnalistning so‘zi, yozayotgan maqolasi, tayyorlayotgan ko‘rsatuv va eshittirishi jamiyatda hal qiluvchi kuchga ega. U davlat va xalqning ayni davrdagi kayfiyatini o‘zida aks ettiradi. Shunday ekan, jurnalist o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lishi, jamiyat manfaatini shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yishi, savodli, kuzatuvchan bo‘lishi lozim.

Jurnalistikaning rivojini nazariyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, internet-jurnalistika sohada yangi davrni boshlab berdi. Mamlakatda internet OAVlar soni ko‘payib borayotgani kishini quvontiradi. Biroq, bu sohada kadrlar tanqisligi sezilayotgani, jurnalistika fakultetlarida onlayn-jurnalistika bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga e’tiborning sustligi, O‘zMU Jurnalistika fakultetida Internet jurnalistikasi kafedrasi faoliyatining tugatilganligi, nazariy va amaliy bilimga ega bo‘lgan pedagoglarning yetishmasligi, o‘zbek tilidagi o‘quv qo‘llanmalar, sohaga oid adabiyotlarning ozligi sohada qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois:

– jurnalistika fakultetlarida onlayn-jurnalistika kafedralarini tiklab, nazariy va amaliy bilim hamda tajribaga ega mutaxassislarni dars jarayonlariga jalb etish, darslarni saytlar tahririyatlarida tashkil etish;

– internet OAVlarida tarqalayotgan xabarlarning chek-chegarasi yo‘qligi, qamrovi kengligi, yolg‘on axborotlar ham yashin tezligida dunyoning narigi chekkasiga yetib borayotganini inobatga olib, bunday axborotlarning tarqalishiga nisbatan vaksina sifatida har bir internet OAV ta’sis hay’ati yoki tahririyat kengashiga jurnalist diplomiga ega bo‘lgan bitta bo‘lsa ham professional jurnalistni kiritish;

– O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi OAVlarda muxbir, “kopirayter”, tarjimon reportyorlar bazasini yaratish, ommaviy axborot vositalari uchun professional jurnalistlar taqsimotini yo‘lga qo‘yish;

– jurnalistika fakultetlarini tugatgan, ammo ish bilan ta’minlanmagan kadrlar uchun alohida aloqa markazi yoki portal tashkil etish;

– mavjud OAVga doir milliy qonunchilikka internet OAVga daxldor o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;

– milliy professional jurnalistlar etikasi qoidalarini ishlab chiqish;

– internet jurnalistikaga doir o‘quv qo‘llanma va darsliklar chop etish kabilarga keng ahamiyat qaratish joiz.

Qamariddin Shayxov,
“QALAMPIR.UZ” internet-nashri rahbari
 
Yuqoridagi fikrlarga veb-sayt nashrlarining munosabati qanday?
Elektron manzillarimiz: info@uza.uz, pochta@uza.uz