Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusiga binoan adliya vazirining «Qabul qilinayotgan qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish, qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini ta’minlash to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi. Tadbir 2017 yil 12 iyul kuni deputatlar, senatorlar va siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashuv chog‘ida Prezident tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.

Joriy yilda qabul qilingan mamlakatimiz rahbarining «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, shuningdek, «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, ijrochilarni hamda aholini qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati haqida huquqiy jihatdan xabardor qilish sifatini oshirish ishida yangi bosqichning boshlanishi bo‘lganligi ta’kidlandi.

Ushbu hujjatlarga muvofiq qonunlarning mohiyati va ahamiyati haqida keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish ishlarini o‘tkazish, umumiy ahamiyat kasb etuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga doir sharhlarni e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

– Adliya vazirligi o‘z faoliyatida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini ijrochilar va fuqarolarga yetkazishning zamonaviy uslublaridan foydalanmoqda, – deydi vazirlik vakili F.Tojiyev. – Xususan, Facebook, twitter ijtimoiy tarmoqlarida sahifalar ochilgan bo‘lib, unda biz qonunlar, Prezident qarorlari va farmonlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar normalarini fuqarolar va obunachilar uchun oddiy hamda tushunarli bo‘lgan tilda yetkazmoqdamiz. Bundan tashqari, joylarga chiqish mobaynida aholi bilan uchrashayapmiz, tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Mahallalarda «adliya burchagi» tashkil etilib, u yerda fuqarolar yig‘inlari aholisini tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan maslahatlar o‘tkazayapmiz.

– Shu yilning 12 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini to‘g‘ri tushunish va samarali amalga oshirish uchun ularni aholi hamda ijrochilarga yetkazish muhimligini ta’kidlagan edi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sh.Mamajonov. – Adliya vazirligi bilan birgalikda qabul qilingan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazayapmiz, bunda joylardagi ishlarga alohida e’tibor qaratayapmiz. Shu bilan birga, bugungi kun voqeligi bizning birgalikdagi harakatlarimiz yetarli darajada emasligini va takomillashtirishni talab etishini ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, majlis davomida hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldik.

Deputatlar Adliya vazirligi faoliyatini yanada rivojlantirish, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning yanada qulay shakllaridan keng foydalanish muhimligini qayd etib o‘tdilar. Deputatlar va fraksiyalarning mazkur idora bilan hamkorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunlariga ko‘ra, Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi, qarorda mas’ul davlat organlariga ushbu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq topshiriqlar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining 
Axborot xizmati

 

O’zA