Markaziy harbiy sport klubi ochiq chempionatining 10 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlariga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu ularning hayotida unutilmas voqea bo‘ldi. Chunki, ularga medallarni qo‘l jangi bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Odil Sirojiddinov topshirdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan turnirda 740 nafar yosh sportchi 25 vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashgan.

Musobaqa medallarini qo‘lga kiritgan yosh yakka kurashchilarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari o‘rinbosari S.Sharipov va Markaziy harbiy sport klubi boshlig‘i K. Yurkevskiy tabrikladi.

Shuningdek, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 25 yilligini nishonlash doirasida armrestling bo‘yicha Markaziy harbiy sport klubi ochiq chempionatini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

 

O‘zA