Qoraqalpog‘istonda chorvachilik rivojlanadi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Prezidentimizning 2019 yil 7 noyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov boshqargan majlisda davlatimiz rahbarining mazkur qarori hududda chorvachilik rivojida yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi. Bu Qoraqalpog‘iston chorvadorlari uchun yana ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochishi, xalqimizning farovonligini, dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, chorvachilik sohasiga aholini keng jalb qilish, chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan loyiha tashabbuskorlarini, shu jumladan, potensial investorlarni aniqlash va ularning ishini tashkiliy jihatdan ta’minlash, loyiha tashabbuskorlarining kredit resurslari va yerga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash, yer maydoni ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatish va boshqa ahamiyatli masalalar bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.
Majlisda qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati, uning Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Prezidentimiz joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida respublikani yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab, ular bo‘yicha faol ishlash zarurligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni turli sohalarga ixtisoslashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Shundan kelib chiqib hududda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan Bo‘zatov tumani qayta tashkil qilindi.
Prezidentimizning 2019 yil 7 noyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda zamonaviy chorvachilik komplekslarini ishga tushirish, yaylov va pichanzorlardan samarali foydalanish hisobiga aholining chorvachilik mahsulotlari, ayniqsa, go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash darajasini yaxshilash hamda daromadini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur hujjat asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston chorvadorlari uyushmasini, Samarqand veterinariya tibbiyot institutining Nukus filiali qoshida Veterinariya texnikumini, Taxtako‘pir tumanida Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi filialini tashkil etish, shuningdek, 2020 yildan boshlab Qoraqalpog‘istonda qoramollarda uchraydigan teylerioz kasalligining oldini olish bo‘yicha emlash tadbirlarini amalga oshirish kabi qator vazifalar belgilangan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni rivojlantirishga oid loyihalarga Xalq banki tomonidan 2019-2020 yillarda xorijiy moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan 75 million dollar miqdoridagi, agrosanoatmajmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tomonidan 2020 yilda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 50 million dollar miqdoridagi hamda vakolatli banklar tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 291,6 milliard so‘m, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 75 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilishi nazarda tutilgan.

 

Yesimxon QANOATOV, O‘zA