Rossiyadagi saylov uchastkalari faoliyati qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Rossiya Federatsiyasida tuzilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish va Rossiyadagi vatandoshlarimizning saylovda ovoz berish huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov batafsil axborot berib o‘tdi.
Rossiyadagi saylov uchastkalari soni oldingi 2016 yilgi saylovlardagidan 5 taga ko‘paygan va bugungi kunda 7 tani tashkil etadi. Ular Sankt-Peterburg, Vladivostok, Yekaterinburg, Novosibirsk, Rostov-Don, Qozon hamda Moskva shaharlarida joylashgan.
Elchining ta’kidlashicha, joriy yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlariga Rossiyada ham puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu davlatda yashayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimizning saylovda ovoz berish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Hozirda elchixonada 19 kishidan iborat uchastka saylov komissiyasi tarkibi bo‘yicha markazga taklif yuborilgan. Ushbu komissiya tarkibiga nafaqat elchixona vakillari, balki hozirgi kunda Moskva shahrida o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan turli kompaniya vakillari, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan vatandoshlarimiz ham kiritilgan.
Elchixonada tashkil etilgan 31-sonli saylov uchastkasidan uzoqda istiqomat qiladigan vatandoshlarimizga saylov jarayoni haqida axborotlar yetkazish maqsadida tegishli tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Bugungi kunga qadar Moskva shahrida joylashgan 5 ta yirik oliygohda o‘zbekistonlik talabalar uchun tushuntirish-targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Shuningdek, yirik bozorlar, savdo markazlari, qurilish kompaniyalari, korxonalarda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan 3 mingdan ortiq fuqarolarimizga bo‘lib o‘tadigan saylovlar haqida batafsil axborot berildi. Rossiyaning boshqa shaharlarida ochilgan saylov uchastkalarida ham mazkur tadbirlar rejasiga muvofiq ishlar olib borilmoqda.
Elchixona rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida saylovga doir ma’lumotlar muntazam joylashtirib borilmoqda. Rossiya ommaviy axborot vositalari orqali O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylov haqida xolis va batafsil axborot tarqatishga alohida e’tibor berilmoqda.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning guvohnomalari namunalarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat bo‘limi axboroti tinglandi. Qayd etilganidek, Xalqaro matbuot markazining mintaqaviy bo‘limi Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi” binosida faoliyat olib bormoqda.
Shu paytga qadar Xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan viloyat saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida jurnalistlar ishtirokida bir qator matbuot anjumanlari, brifinglar va boshqa tadbirlar o‘tkazilgan. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida bo‘lish, ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lish uchun saylovni yorituvchi 41 nafar viloyat va respublika matbuot va ommaviy axborot vositalari, internet saytlari xodimlari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Ayni paytda ushbu jarayon davom etmoqda. O‘tgan davrda televidenie va radio orqali saylovga oid 160 dan ortiq lavha, ko‘rsatuv, reportaj va eshittirishlar, 2 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot efirga uzatilgan. Viloyat televideniesi orqali haftaning har chorshanba kunlari viloyat saylov komissiyasi raisi va a’zolari, jamoatchilik vakillari ishtirokida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir tashkil etilib, aholidan tushgan savollarga javob qaytarilgan. Matbuot nashrlari, internet tarmoqlarida 614 maqola, sharh va xabarlar e’lon qilingan.

 

N.NASRIEV, O‘zA