Yoshlar o‘z kelajagini o‘zlari belgilaydi

Saylov – 2019 
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limida joriy yilgi saylovda birinchi bor qatnashadigan yoshlar ishtirokida “Sening ovozing – sening kelajaging” mavzuida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Termiz davlat universiteti talabalari uchun tashkil etilgan uchrashuvda viloyat saylov komissiyasi raisi Sh.Boyqulov, viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Rahmatov yoshlarga Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovchilarning huquq va burchlari, milliy saylov qonunchiligimizdagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berdi. Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari, deputatlik vakolatlari, saylovlarda beriladigan har bir ovozning ahamiyati va bu jarayonda yoshlarning o‘rni xususida fikr almashildi.
– Uchrashuvda saylash va deputatlikka saylanish to‘g‘risida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Termiz davlat universiteti tarix fakulteti talabasi A.Fayziev. – Saylovda o‘zimiz tanlagan nomzodga beradigan ovozimiz ertangi kelajagimiz hamda mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhimligini chuqur anglab oldik. Men, albatta, bo‘lg‘usi saylovlarda faol ishtirok etib, Vatanim ravnaqi uchun ovoz beraman.
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limi faoliyati, shuningdek, saylovlarga oid savollarga tezkor, aniq javob beradigan “Call center” xizmati bilan tanishdi.
– Talabalarning faolligi, jamiyatdagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissi balandligi quvonarli, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i, Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining hududiy bo‘limi rahbari S.Salomov. – Yoshlar xalqaro matbuot markazi hududiy bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ularga saylov targ‘ibotini tashkil etish va xorijlik jurnalistlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdik. Saylovlarni umume’tirof etilgan mezonlar asosida ochiq-oshkora o‘tkazishda ommaviy axborot vositalarining roli haqida tushunchalar beryapmiz.
Tadbirda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA